Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Men donorman” haftaligi doirasida ezgulik va insonparvarlik g‘oyalari keng targ‘ib etilmoqda. Ushbu tashabbus yoshlar va fuqarolar orasida donorlik madaniyatini shakllantirish, mehr-oqibat va hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Aksiya davomida ko‘plab yoshlar va fuqarolar ixtiyoriy ravishda qon topshirib, hayot uchun kurashayotgan bemorlarga amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Bugun Bandixon tumanida ham mazkur ezgu tashabbus faol davom etib, keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Haftalik davomida yig‘ilgan donorlik qoni onkologiya va gematologiya bo‘limlarida davolanayotgan bolalarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa aksiyaning ijtimoiy ahamiyati yuqori ekanini, inson hayotini asrash va sog‘lom jamiyatni shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘layotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

