Yangi yil arafasida Jarqo‘rg‘on tumani aholisi uchun yana bir muhim va quvonchli voqea ro‘y berdi. Aholi salomatligini mustahkamlash, tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish maqsadida tumanda zamonaviy tez tibbiy yordam podstansiyasi qurilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu muassasa jarqo‘rg‘onliklar uchun chin ma’noda Yangi yil tuhfasi bo‘ldi.
Mazkur podstansiya joriy yil birinchi mavsum “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida, Surxondaryo viloyati Respublika tez tibbiy yordam markazining Jarqo‘rg‘on tumani filiali tasarrufida bunyod etildi. Loyiha doirasida 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, zamonaviy tibbiyot talablari asosida jihozlangan qulay infratuzilma yaratildi.
Yangi podstansiya 245 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, tumanda tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqadi. Bugungi kunda bu yerda 19 ta tez tibbiy yordam brigadasi, jumladan, 1 ta reanimatsiya, 13 ta shifokorlik hamda 5 ta feldsherlik brigadasi tun-u kun faoliyat olib bormoqda.
Muassasada jami 431 nafar malakali xodim mehnat qilmoqda. Ular orasida 116 nafar shifokor, 208 nafar o‘rta tibbiyot xodimi, 14 nafar kichik tibbiyot xodimi va 82 nafar tajribali haydovchi bor. Aholiga tezkor xizmat ko‘rsatish maqsadida podstansiya 19 ta zamonaviy, maxsus tibbiy avtomobil bilan to‘liq ta’minlangan.
Mazkur podstansiyaning ishga tushirilishi natijasida tez tibbiy yordam chaqiruvlariga yetib borish vaqti qisqarib, og‘ir va shoshilinch holatlarda bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati sezilarli darajada yaxshilanadi. Bu esa inson hayotini saqlab qolish, aholining tibbiyot tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shubhasiz, yangi tez tibbiy yordam podstansiyasi Jarqo‘rg‘on tumanida sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yorqin namunasi bo‘lib, xalq manfaatiga xizmat qiladigan, ezgu va samarali loyiha sifatida tarixda qoladi. Ushbu zamonaviy tibbiyot maskani tumanda yashovchi har bir fuqaro uchun tinchlik, ishonch va hayotiy tayanch ramziga, Yangi yil arafasidagi eng qadrli tuhfalardan biriga aylandi.

