Har bir davlat taraqqiyotining, jamiyat farovonligining asosi unda qonunlarning qay darajada ustuvorligi bilan belgilanadi. Darhaqiqat, qonunlar ustuvor jamiyatda adolat, tenglik, bag‘rikenglik va birodarlik g‘oyalari qaror topadi, mamlakatda ilm-fan rivoj topib, fikr erkinligi har tomonlama
qo‘llab-quvvatlanadi.
Konstitutsiyaning xalq xohish-irodasi asosida qabul qilinishi xalqimizning yuksak huquqiy madaniyatining ifodasidir. 2023-yilning 30-aprel kuni Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish bo‘yicha umumxalq Referendumi o‘tkazilib, unda xalqimiz o‘zining yuksak huquqiy madaniyatini yana bir bor namoyon etdi. Referendumda qatnashgan fuqarolarning 90 foizdan ko‘prog‘i ushbu Konstitutsiyani yoqlab ovoz berdi.
Ushbu Konstitutsiyaning qabul qilinishi adolatparvar jamiyatning o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarilishi bo‘yicha sa’y-harakatlarining mantiqiy natijasidir. Zero, Konstitutsiya jamiyat hayotining asosiy huquqiy tizimi bo‘lib, o‘z mazmuniga ko‘ra mamlakatning bosh qonunidir. U mustaqil, huquqiy, demokratik, dunyoviy, yagona va ijtimoiy davlatning poydevori bo‘lib, jamiyat hayotining barcha sohalarini, siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-mafkuraviy va xalqaro sohalarni qamrab oladi. Xususan, Yangi Konstitutsiya siyosiy-huquqiy sohada xalq hokimiyati, qonun ustuvorligi va inson erkinligi, hokimiyatlarning bo‘linishi tamoyillarini, iqtisodiy-ijtimoiy sohada mulkchilik shakllarining xilma-xilligi va tengligi tamoyillarini, davlat siyosatining ijtimoiy xususiyatga ega ekanligini namoyon etadi.
Mazkur Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi mustaqil, demokratik, huquqiy, dunyoviy davlat ekani, mustaqillik timsoli va davlat hokimiyatining yagona manbayi faqat xalq ekanligi qayd etildi. Bugungi jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib, Konstitutsiya asosida yangi boshqaruv tuzilmalari tashkil etilib, avvalgi tuzilmalar takomillashtirilmoqda. Konstitutsiyani ishlab chiqishda dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi inobatga olindi va u nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda jahonga mashhur ekspertlar, jumladan, huquqshunoslar tomonidan ma’qullandi.
Konstitutsiyaning ustuvorligi – inson huquq va erkinliklarining kafolati, kuchli fuqarolik jamiyatining mezonidir. Taraqqiy etayotgan jamiyat o‘z huquqiy negizini zamon talablari, milliy manfaatlar va xalqning ijtimoiy ehtiyojlari bilan uyg‘un holda takomillashtirib boradi. Shu ma’noda, Konstitutsiya jamiyat taraqqiyotini boshqarib boruvchi yo‘riqnoma bo‘lib, har bir fuqaroga o‘z hayoti va kelajagini ishonch bilan qurish imkonini beradi.
Sarvar Saidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

