Bugungi kunda davlatimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va shaffof boshqaruv tizimini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.Hududiy adliya organlari mazkur islohotlarning birinchi halqasida turib, aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, byurokratiyani qisqartirish va fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Hududda so‘nggi yillarda “Elektron hukumat” tizimini keng joriy etish natijasida ko‘plab xizmatlar onlayn shaklga o‘tkazildi. Bu esa inson omilini kamaytirdi, ortiqcha hujjatlar talabini qisqartirdi, vaqt va mablag‘ tejalishiga xizmat qildi. Xususan, FHDY, notariat, kadastr va boshqa yo‘nalishlarda elektron navbat va elektron murojaat tizimi raqamlashtirish darajasini oshirib, korrupsiyaviy xavflarning keskin kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Adliya bo‘limi tomonidan davlat xizmatlarida ortiqcha talablar, keraksiz hujjatlar va takroriy jarayonlar muntazam o‘rganilib borilmoqda. Tahlillar asosida juda ko‘plab xizmatlarda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi, arizalarni ko‘rib chiqish muddati tezlashtirildi, mas’ul xodimlarning javobgarligi kuchaytirildi.
Korrupsiyaning oldini olish faqat jazolash orqali emas, balki hamkorlik orqali samarali kechadi. Shu bois adliya bo‘limi tomonidan hokimlik, soliq, kadastr, prokuratura, ichki ishlar va boshqa idoralar bilan birgalikda mahallalarda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, fuqarolarning huquqiy madaniyati oshirilmoqda.
Shuningdek, mahallalar kesimida aholining murojaatlarini o‘rganish, joyida yechim topish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tizimli uchrashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Hududda joriy etilgan “Shaffof murojaat” tizimi fuqarolardan kelayotgan murojaatlarning elektron tarzda qabul qilinishi, ularning har bir bosqichi bo‘yicha axborot berilishi, javoblar ochiqligi va mas’ullarning shaxsiy javobgarligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – fuqarolarga ochiq, adolatli, sifatli va korrupsiyadan holi xizmat ko‘rsatishdir. Halollik va adolat tamoyillari asosida ish olib borish har bir xodimning eng ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda. Shu yo‘l bilan biz jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lamiz.
G‘.Tilovqobilov,
Termiz shahar adliya
bo‘limi boshlig‘i,
3-darajali adliya maslahatchisi

