Sariosiyo tumaniga Xitoydan investorlar tashrifi davom etmoqda. Ular viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashib, yangi loyihalar va hamkorlik rejalarini muhokama qildi.Tuman hududida “Huazi Investment Co. Ltd” tomonidan 38 milliard so‘mlik, shundan 20 milliard so‘mi xorijiy investitsiya bo‘lgan yirik pishiq g‘isht ishlab chiqarish zavodi ish boshladi. Yiliga 60 million dona mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona nafaqat Sariosiyo, balki butun viloyatning qurilish materiali bo‘yicha ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Zavodning asosiy tashabbuskori — tadbirkor Ilhomjon Saidqulov bo‘lib, uning sa’y-harakatlari natijasida yigirmadan ortiq ish o‘rni yaratildi. Xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda mahalliy ishchilar zamonaviy texnologiyalarni o‘rganmoqda.
Uchrashuv davomida yangi investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, tuman iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Tuman rahbari Odil Yoqubov investorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

