Har bir fuqaro yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilish qoidalarini bilishi va ularga amal qilishi muhim ahamiyatga ega. Bunday paytlarda har bir soniya qimmatli hisoblanadi. Shu bois, fuqarolar o‘z xavfsizligini va atrofdagilar hayotini asrash maqsadida tezkorlik bilan tegishli xizmatlarga murojaat etishlari zarur.
Favqulodda vaziyatlar — bu tabiiy yoki texnogen tusdagi, inson hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga hamda atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlardir. Ularga yong‘inlar, gaz sizishi, portlashlar, suv toshqinlari, bo‘ronlar, yer ko‘chishlari va boshqa hodisalar kiradi.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi aholiga murojaat qilib, quyidagilarni yodda saqlashni tavsiya etadi:
- Yong‘in yoki favqulodda vaziyatni ko‘rsangiz, darhol 1050 yoki 101 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling.
- Tinchlik bilan harakat qiling, atrofdagilarni ham xavf haqida ogohlantiring.
- Bolalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni xavfli hududdan olib chiqishga yordam bering.
- Yordam xizmati yetib kelguncha yong‘in yoki favqulodda vaziyat oqibatlarini kamaytirishga harakat qilganda o‘z hayotingizni xavf ostiga qo’mang.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari har kuni fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sidqidildan xizmat qilmoqdalar. Ular har bir chaqiriqqa tezkorlik bilan yetib borishadi va inson hayotini saqlab qolishda fidoyilik ko‘rsatishadi.
Eslatib o‘tamiz, hazil tariqasidagi yoki noto‘g‘ri chaqiriqlar nafaqat xizmat ishlariga to‘siq bo‘ladi, balki boshqa insonlarning hayotiga ham xavf tug‘diradi.
Shuning uchun, har bir fuqaro ehtiyot bo‘lishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishi va favqulodda vaziyat yuzaga kelganda to‘g‘ri harakat qilishni bilishi zarur.
Ogohlik – xavfsizlik garovidir!
Favqulodda vaziyatda – 1050 yoki 101 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling!
Surxondaryo viloyati FVB axborot xizmati