Hurmatli Termiz shahri aholisi!
So‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, orzu-intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, bir so‘z bilan aytganda, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, ilm-fan va sportda yuksak natijalarga erishayotgan hamda nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga mashhur maktab o‘quvchilari, yoshlarimiz borligi quvonarli, albatta.
Ma’lumki, bugungi kunda internet global tarmog‘idan shahar aholisi keng foydalanmoqda. Bu fuqarolarga davlat xizmatidan foydalanish, bank xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanish, xarid qilish, tezkor yetkazib berish kabi ko‘plab imkoniyatlar yaratib, vaqtni tejashga xizmat qiladi. Afsuski, internet imkoniyatlaridan suiiste’mol qiluvchi, g‘oyasi buzuq kimsalar ham topilmoqda. Har kuni xalqaro tarmoqda 20 mingdan ortiq zararli viruslar tarqatiladi. Ular orqali amalga oshirilayotgan kiberhujumlarning asosiy qismi bank xizmatlarini zaiflashtirish, fuqarolarning moliyaviy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga qaratilgan.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 7 oyi davomida shahrimizda 880 ta jinoyat sodir etilib, shundan 543 tasi kiberjinoyatlardir. Shuningdek, mast holatda 3 ta, voyaga yetmaganlar tomonidan 14 ta, ilgari sudlanganlar tomonidan 17 ta, ayollar tomonidan 10 ta, guruhlar tomonidan 35 ta, ishlamaydigan va o‘qimaydigan shaxslar tomonidan 17 ta hamda yoshlar tomonidan 49 ta jinoyat sodir etilgani qayd etilgan.
Bugungi kunda Termiz shahrini huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida
444 ta kamera va 33 ta “tashvish tugmalari” o‘rnatildi, 515 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olindi. Ularning 236 tasi “Xavfsiz shahar” markazining “Qalqon” platformasiga integratsiya qilindi. Shuningdek, 24 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va 60 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak” tashkil etildi.
Hurmatli hamshaharlar!
Maqsadimiz – jinoyatlarning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoni muqarrar qilishdir. Shu boisdan:
jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi;
jinoyatlar har kuni tahlil qilinadi;
kundalik so‘rov va nazorat tizimi izchillik bilan davom ettiriladi.
Aziz termizliklar! Jinoyatchilikning oldini olishda mahalla ahli, ta’lim-tarbiya mas’ullari va eng muhimi, har bir fuqaroning amaliy yordami muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajakda mahallalarni jinoyatdan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirish uchun barchamiz birgalikda harakat qilsak, albatta, ko‘zlangan maqsadga erishamiz.
Keling, barchamiz muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
Rustam Ibragimov,
Termiz shahar prokurori