Inson aziz — xotira muqaddas. Ustozimiz, marhum Hamid To‘raqulov hayot bo‘lganlarida 60 yoshni qarshilagan bo‘lardilar. U kishi viloyat Bolalar kutubxonasiga rahbarlik qilgan yillarida ishda talabchan rahbar bo‘lishlari bilan birga samimiy va odamohun inson edilar. Kutubxona kitob fondini boyitishda, kitobxonlar uchun shart-sharoit yaratishda, xodimlarga o‘zining bilim va malakalarini samarali o‘rgatishda munosib hissa qo‘shdilar.
Respublika seminarlarida o‘z ma’ruzalar bilan qatnashib, kutubxona sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘sha oldilar. Viloyatda miqyosida seminarlar tashkil etib, maktab kutubxonalariga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatdilar.
Sohaga oid qonunlarni hayotga tatbiq qilish, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda erishgan muvaffaqiyatlari, ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etishda tashabbus ko‘rsatganligi uchun 2009-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, shuningdek, Xalq ta’limi vazirining faxriy yorliqlari, “Madaniy-ma’rifiy ishlar a’lochisi”, “Mustaqillikning 20 yilligi” esdalik nishonlari bilan ham taqdirlandilar.
Ish faoliyatim davomida 2009-yildan u kishiga o‘rinbosar bo‘lib ishlash nasib yetdi. Shu yillar davomida ustozdan kutubxonachilikning bilim va tajribalarini, tashkilotchilik mahoratlarini o‘rgandim. Ustozimiz Hamid To‘raqulov jamoadoshlari qalbida bir umr yashaydi.
Qimmat Aliyeva,
“Axborot kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi