Termiz shahri bo‘ylab kezarkansiz, bir necha yillar avvalgi ekin maydonlari o‘rnini osmono‘par binolar, zamonaviy turar joylar, o‘quv va shifo maskanlari, tadbirkorlik shoxobchalari qurilib, aholiga xizmat ko‘rsatayotganidan hayratingiz oshib, so‘lim va shahar ko‘rkiga xos manzaradan mazkur hududda zavqingiz oshadi. Ha, nafaqat shahrimizda, balki viloyatning har bir manzilida e’tirofga arzirli, havasga molik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi va davom etmoqda.
Bu ishlar esa Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning doimiy e’tibor markazida. Bu safar ham viloyat rahbari Termiz shahri, “Manguzar” mahallasida bo‘lib, ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun tanlangan hududda taklif etilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mutasaddilarga massiv infratuzilmasini yaratish va qurilish ishlarini boshlashga tayyorlash vazifasi topshirildi.
YO‘LLAR SOZ, ATROF OBOD
Yo‘lga otlangan odamning manziliga eson-omon va xotirjam yetib olishi uchun albatta, yo‘llar ravon, atrof esa risoladagidek bo‘lmog‘i lozim. Yo‘lsozlar, soha mehnatkashlari esa qishin-yozin bu borada tinim bilmay mehnatda, harakatda. Shundan yo‘llarimiz tekis, chor-atrof esa go‘zal ko‘rinish kasb etgan. Ko‘p qavatli uylar qurilishi bo‘yicha kerakli topshiriqlarni bergan viloyat rahbari Angor tumanining M-39 xalqaro avtomagistral yo‘lining 1436-1440 kilometr
oralig‘ida xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalari tashkil etish loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
SHAROIT SHAHARDAGIDAN KAM EMAS…
Bugun tuman-u qishloqlarimiz ham shahardagidan kam emasligiga mazkur loyihalar misol bo‘la oladi. Zero, barcha shart-sharoitlar, qulayliklar yaratilgan, ishbilarmonlik muhiti ustuvor manzillarda tadbirkorlik rivoj topadi, aholi dasturxoniga farovonlik inadi. Shundan-mi, qishloq-dagilar-ning shaharga ko‘chib borish havasi sezilmay-di. Yashash va ishlash uchun barcha imkoniyat badastur bo‘lgandan keyin o‘z uyini tashlab, vatan izlashga hojat qolmaydi-da. Gap Qiziriq tumani haqida ketganda ham yuqoridagi fikrlarimiz o‘z isbotini topgandek bo‘ladi. O‘zgarishlar, yangilanishlar nasimi ayni tumanda ham esmoqda. Viloyat hokimi Qiziriq tumani, “Rabotak” mahallasi hududida “Plan house” MCHJning ko‘p qavatli uy-joylar majmuasini qurish loyihasi bilan tanishdi. Bir qarashda barchasi joyida ko‘ringan loyihaning tugal bo‘lishini istagan viloyat rahbari talabchan va to‘kislikni xush ko‘rmaydimi, shu sababdan aholining demografik o‘sishi, turar joyga bo‘lgan talab hamda shaharsozlik normalarini inobatga olib, loyihani takomillashtirish lozimligini qayd etdi.
Barcha sohada rivojlanish, o‘sish bo‘lsa, aholi turmush farovonligi oshadi, hayoti yaxshilanadi. Shu jihatdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ham oqsoqlik yaramaydi. Sohaning hadisini olgan fermer-u dehqonlar, mahalliy aholining noni ham, hayotiga mazmun baxsh etadigan ishi ham ayni ona yer, unumdor tuprog‘imiz bilan bog‘liq. Shunday ekan, ekin-tikin qilish, turli istiqbolli loyiha va g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish bugunning talabidir. Viloyatimiz hokimi tumanga tashrifi davomida “Qiziriq taraqqiyot invest” MCHJ tomonidan 96 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni tashkil etish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Hozirda mazkur ekin maydonida ko‘chat uchun urug‘ qadash ishlari olib borilayotir.
“ISTARA” KENGAYADI
Turgan gapki, pishib yetilgan meva-sabzavot va boshqa ishlab chiqarish mahsulotlari bozor rastalaridan joy oladi. Xo‘sh, bozorlarimiz talab darajasidami, xaridorlar uchun munosib xizmat ko‘rsata oladimi, qulayliklar yaratilganmi?!
Tumandagi “Istara dehqon bozori” haqida esa bunday deb bo‘lmaydi. Anchayin eskirib, savdo-sotiq va bugungi kun talabiga javob bermay qolgan bozor esa yangilanishni, o‘zgarishlarni kutayotgandek. Bu jihatlarni inobatga olgan hokim tadbirkorlarning “Istara dehqon bozori”ni kengaytirish, savdo va xizmat ko‘rsatish hamda chorvachilik komplekslari, xususiy klinika loyihalari bilan tanishdi. Shuningdek, hududda “Global grand” MCHJ tomonidan kollektorlarni zamonaviy tipda yopgan holda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish loyihasining ikkinchi bosqichi doirasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi.
“AQLLI” USKUNA SUVNI TEJAB, SARFINI HISOBLAYDI
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Bandixon tumanida davom ettirib, “Birdamlik” mahallasida yangi zamonaviy aqlli suv quyish shoxobchasining foydalanishga topshirish tadbirida ishtirok etdi. Mazkur innovatsion loyiha inson omilisiz ishlaydigan avtomatlashtirilgan tizimga ega bo‘lib, suv sarfini aniq hisoblash va to‘lov intizomini yaxshilash imkonini beradi.
Ana shunday qulaylik bilan tanishuvdan so‘ng, “To‘palang” suv omboridan viloyatning 11 ta hududini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida barpo etilayotgan suv tozalash inshooti qurilishi bilan tanishilib, mas’ullarga qurilish ishlarini jadallashtirish, sifatli amalga oshirish vazifasi topshirildi.
QURILISHGA START BERILDI
Keyingi manzilda viloyat rahbari tumanlararo avtomobil yo‘li bo‘yida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar, to‘yxona, xostel va xizmat ko‘rsatish binolari qurilishiga start berdi. “Obikor” mahallasida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar tadbirkorlik muhitini yaxshilash, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Tumanga tashrif yakunida viloyatda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan
ishlar, loyihalar hamda davlat dasturlari ijrosi muhokama qilinib, mutasaddilarga kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.