Ilmga baxshida umr

Date:

Ayol – bu so‘z zamirida olam-olam ma’no mujassam! Bilmam, u tabiatning qay unsuridan yaratilgan ekan? Yoki tangrim ayolning eng shod kunida kulgilariga mehnatini, yuzlariga mehr oftobini, ko‘zlariga dunyo ummonini, so‘zlariga ko‘ngillarni asir etguvchi sehrli iforini, poylariga jannat ostonasini mujassam etib yaratganmikan?!
Bir qo‘lida beshik, bir qo‘lida dunyoni tebratuvchi beqiyos zot – ayol haqida ayni topib aytilgan ta’rif. Shunday ta’rif-u tavsiflarga loyiq ustoz, mehridaryo buvi, betakror va bag‘rikeng ona, olima ayol O‘g‘iloy Sultonovadir.
O‘g‘iloy Sultonova butun umrini fizika fanining rivoji uchun baxshida qilgan. Ming-minglab shogirdlar yetishtirgan, ilm-fanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan ustozni nafaqat viloyatimizda, balki butun O‘zbekistonda ko‘pchilik yaxshi taniydi.
Asli angorlik, yoshi yetmishni qoralagan. O‘quvchilik davrlarida maktabda a’lo bahoga o‘qidi. Toshkentda oliy ta’limni bitirib, Surxondaryoga qaytdi. O‘zini tug‘ilib o‘sgan joyidan ayro tasavvur etaolmadi. Mehnat faoliyatini Angor tumanidagi o‘rta maktabdan boshladi.
O‘g‘iloy Sultonova 2013-2017-yillar oralig‘ida Termiz davlat universiteti “Aniq va tabiiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lish bilan birga Termiz shahridagi 4-Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.
Ilm katta va adoqsiz yo‘l. Bu yo‘lda qancha yursangiz, hayot haqiqatlarini teranroq anglarkansiz. Moddiyat, mol-dunyo havasi sizni tark etib, eng oliy boylik va xazina aslida ilm ekanligini tushunib yetarkansiz. Bu esa, o‘z navbatida, tinimsiz izlanish va o‘rganishni talab etadi. Borgan sari salohiyatingiz sayqallanib, kamolot pillapoyalaridan yuqori ko‘tarilib boraverasiz.
2007-yilda “O‘quvchilarning mustaqil o‘quv faoliyatini tashkil etish metodikasi” mavzusidagi fan nomzodligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Keyinchalik dotsent unvonini oldi.
2017-yildan hozirga qadar Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Aniq va tabiiy fanlar” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
O‘g‘iloy Sultonovaning dissertatsiya mavzusi bo‘yicha 17 ta ilmiy ish yozildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining tavsiyasi bilan bitta darslik, 2 ta monografiya, respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarda, OAK va xorijiy jurnallarda 40 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etildi.
O‘g‘iloy Sultonovaning 2018-yilda “Yangi pedagogik texnologiyaning didaktik asoslari” o‘quv qo‘llanmasi chop etilgan bo‘lsa, 2021-yilda “Kasb ta’limi mazmunini modernizatsiyalash asosida o‘qituvchilar kasbiy kompetentligini shakllantirish texnologiyasi” mavzusida amaliy loyiha asosida ish olib bordi. Shu yilning o‘zida “Fizika fanidan savol va masalalar” nomli darsligi nashrdan chiqdi.
O‘g‘iloy Sultonovaning ilmiy maqolalari “Skopus”, “Impakt faktori” kabi dunyoning mashhur jurnallarida e’lon qilinganligining o‘ziyoq, fan sohasida qo‘lga kiritgan ulkan g‘alabasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng quvonarlisi, 2022-yilda O‘g‘iloy Sultonova “Oliy ta’lim muassasalarida kompetensiyaviy yondashuv asosida fizika o‘qitish metodikasini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. 68 yoshda barchaga namuna bo‘lgan ilm fidoyisining bu yutug‘i institut jamoasini ruhlantirdi.
U umri davomida xalqaro va respublika fan olimpiadalariga o‘quvchi-yu talabalar tayyorlab, yuqori natijalar ko‘rsatdi. Bugungi kunda o‘nlab ustozlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilayotgan benazir ustoz davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib kelmoqda. Jumladan, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasining 30 yilligi” esdalik nishoni, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni qahramonimizning ko‘ksini bezab turibdi.
Ustoz 6 nafar farzandning mehribon onasi, 20 dan ortiq nabiraning sevimli buvijonisidir. Farzandlari bugungi kunda el koriga yarab, turli vazifalarda faoliyat yuritishmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun muborak 70 yoshini qarshilash arafasida turgan universitetimiz faxri, Surxondaryoda ayollar orasida sanoqli bo‘lgan professorlik unvoniga ega O‘g‘iloy Sultonova bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ustozga uzoq umr, ijodiy parvozlar tilab qolamiz.

Nigora XUDOYOROVA,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mezbon jamoa gʻolib

Sherobod tumanidagi 8-umumtalim maktabida 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida...

“Hunari bor – xor bo‘lmas”

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash...

Sudlardan Ijtimoiy inspeksiyaga o‘tkaziladi

Senat yalpi majlisida aholining ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga qaratilgan...

Gʻalla ekish ishlari o‘rganildi

Surxondaryo viloyatida 2026-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish...
KunTun
KunTun