Yashil hududlarni kengaytirish faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Buning uchun avvalo yer maydonini tayyorlash, sug‘orish imkoniyatlarini yaratish va hudud sharoitiga mos daraxtlarni tanlash zarur.
Oltinsoy tumanining “Guliston” mahallasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi yashil bog‘ barpo etishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tuman hokimi Otabek Mavlyanov va hokim o‘rinbosari Shavkat Mo‘minov hududga borib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganish davomida yer maydonini tekislash, tuproqni ekishga tayyorlash, sug‘orish tizimini shakllantirish hamda mahalliy iqlimga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini tanlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Mas’ullarga tayyorgarlik ishlarini sifatli yakunlash, ko‘chatlarni agrotexnik talablar asosida ekish va keyingi parvarishini tizimli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yangi bog‘ning barpo etilishi mahallada yashil maydonlarni kengaytirish va aholi uchun obod dam olish maskanini yaratishga xizmat qiladi.

