Bugun Surxondaryoning iqtisodiy qiyofasida yangi tendensiya yaqqol namoyon bo‘lmoqda: vohaning investitsiyaviy jozibadorligi tobora ortib, jalb etilayotgan mablag‘lar yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar, ish o‘rinlari va eksport imkoniyatlariga aylanmoqda. Ilgari asosan agrar salohiyati bilan tanilgan hudud bugun sanoat, qayta ishlash, logistika va eksport yo‘nalishlarida ham o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda.
Bunda Surxondaryoning geografik joylashuvi, tabiiy resurslari, qo‘shni davlatlar bilan chegaradoshligi va transport-tranzit imkoniyatlari muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yirik investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi viloyatning mamlakat janubidagi muhim iqtisodiy markazlardan biriga aylanish jarayonini tezlashtirmoqda.
2026-yilda Surxondar-yoda 3 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar hisobidan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Hududlarda allaqachon yirik loyihalar amaliy bosqichga kirgan. Sariosiyo, Sherobod va Boysun tumanlarida polimetall, ko‘mir, ohaktosh hamda qurilish materiallarini qayta ishlashga qaratilgan loyihalarda xorijiy investorlar ishtirok etmoqda.
Uzun tumanida Hindistonning “Global Eurasia” MCHJ XK tomonidan “Shimoliy Bobotog‘” va “Janubiy Bobotog‘” misga boy hududlarida xomashyoni qazib olish va qayta ishlash loyihasi doirasida 51,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Qumqo‘rg‘on tumanida esa “Turon gold business” MCHJning ko‘mir qazib olish loyihasi doirasida 23,5 million AQSH dollari mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Bu kabi loyihalarning ahamiyati faqat jalb qilingan mablag‘ bilan o‘lchanmaydi. Ular yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirib, hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha qiymat ham olib kiradi.
Investitsiyaning eng katta natijasi — ish o‘rni
Hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, 2026-yilda umumiy qiymati 887,2 million AQSH dollarilik 365 ta loyihani foydalanishga topshirish va 13 mingdan ortiq yangi, zamonaviy hamda yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish belgilangan.
Yilning yanvar-avgust oylarida esa 186,3 million dollarlik 155 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 3 384 ta ish o‘rni yaratildi.
Masalan, Muzrabot tumanida “Bless S.R” MCHJ tomonidan 6 million dollarlik zamonaviy gidroponik issiqxona loyihasi amalga oshirilib, 200 ta ish o‘rni yaratildi. Termiz shahrida “Turk Lab Medical” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan 20 million dollarlik zamonaviy diagnostika, laboratoriya va sog‘lomlashtirish markazi tashkil etilib, 100 nafar fuqaro uchun ish o‘rni yaratildi.
Yil yakuniga qadar yana 728,4 million dollarlik 229 ta loyihani ishga tushirish va ular doirasida 10 351 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Demak, investitsiyaning haqiqiy samarasi uning qancha mablag‘ olib kirganidangina emas, balki bu mablag‘ qancha yangi imkoniyat yaratgani bilan belgilanadi.
Agrar salohiyat — eksportbop mahsulotga
Viloyatimizning investitsiyaviy salohiyatida qishloq xo‘jaligi alohida o‘rin tutadi. Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Termiz tumanlarida intensiv bog‘lar, zamonaviy issiqxona majmualari, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va saqlash quvvatlari tashkil etilmoqda.
Ayniqsa, sovutkichli logistika markazlarining rivojlanishi mahsulotni mavsumdan tashqari davrda ham sifatini saqlagan holda tashqi bozorlarga yetkazish imkonini kengaytirmoqda. Bugungi raqobat sharoitida mahsulotni yetishtirishning o‘zi kifoya emas. Uni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida eksport qilish orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish muhim.
Ayni paytda vohada yetishtirilayotgan ertagi meva-sabzavotlar, xurmo, anor, limon, mosh, no‘xat kabi mahsulotlar xorijiy bozorlarga chiqarilmoqda.
Eksport geografiyasi kengaymoqda
Viloyatda ishlab chiqarilayotgan va yetishtirilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorlarga chiqishi ham izchil kengaymoqda. Joriy yilda zargarlik buyumlari 173,2 million dollar, meva-sabzavot mahsulotlari 165,4 million dollar, neft-gaz sanoati mahsulotlari 21,2 million dollar, to‘qimachilik mahsulotlari 23 million dollar, oziq-ovqat mahsulotlari 20,5 million dollar hamda farmatsevtika mahsulotlari 3,4 million dollar miqdorida eksport qilindi. Eksport tarkibida xomashyo bilan bir qatorda qayta ishlangan va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushining ortib borayotgani alohida ahamiyatga ega.
Vohada eksport faoliyatiga yil boshidan buyon 196 ta korxona jalb qilindi. Ularning 38 tasi sanoat, 158 tasi esa meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi korxonalardir.
Eksport geografiyasini kengaytirishda Termizning strategik joylashuvi ham muhim. “Termiz” xalqaro savdo markazi va logistika infratuzilmasining rivojlanishi Surxondaryoning Afg‘oniston hamda Janubiy Osiyo bozor-lariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Investitsiya uchun yangi maydon
Surxondaryoning investitsiyaviy imkoniyatlarini xalqaro darajada namoyish etishda 14–16-avgust kunlari “Termiz” xalqaro savdo markazida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumi” ham muhim qadam bo‘ldi. Unda Xitoyning 120 dan ortiq kompaniyasidan 350 nafardan ziyod vakil, shuningdek, Afg‘onistonning 46 ta kompaniyasidan 100 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida umumiy qiymati 6 milliard 554 million dollar bo‘lgan 65 ta loyiha bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Bu kelishuvlar Surxondaryoning xalqaro investitsiya maydonidagi mavqeyi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, yangi loyihalar uchun kapital bilan birga texnologiya, zamonaviy boshqaruv tajribasi va yangi bozorlarni ham olib kirish imkonini beradi.
Zero, bugun kiritilgan investitsiya — ertangi ishlab chiqarish, bugun yaratilgan ishlab chiqarish — yangi ish o‘rni, yangi ish o‘rni esa oilalar farovonligi va hudud taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.
A.AXMEDOV,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati
Kengashining Xorijiy investitsiyalar va turizm
masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi

