Teng huquq — teng imkoniyat: ayollar himoyasining yangi mezonlari

Date:

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning muhim belgilaridan biridir. Bu borada xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish alohida ahamiyatga ega.Zero, ayolning oiladagi va jamiyatdagi mavqeyi nafaqat uning shaxsiy farovonligi, balki oila barqarorligi, farzandlar tarbiyasi va jamiyat taraqqiyoti bilan ham chambarchas bog‘liq.
Bugun O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar izchil takomillashtirilmoqda. Gender tenglikni ta’minlash, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, ta’lim olishi, mehnat qilishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun huquqiy kafolatlar yaratilmoqda.
Biroq masalaning mohiyati faqat qonunlarning mavjudligida emas. Asosiy mezon — ushbu huquq va kafolatlarning amalda qanchalik samarali ishlayotganidir.


Qonun — tenglikning huquqiy poydevori


Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda 2019-yil 2-sentyabrda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida esa “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilangan. Shuningdek, davlat ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda hamda hayotning boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi mustahkamlangan.
Bu norma gender tenglikni oddiy huquqiy qoida emas, balki davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilaydi. Tenglik esa huquqlarning qog‘ozda bir xil bo‘lishi bilangina cheklanmaydi. Muhimi, ulardan amalda foydalanish uchun ham teng imkoniyat yaratilishidir.
Ta’lim olish, kasb tanlash, mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, mulkiy huquqlardan foydalanish, saylash va saylanish, davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etish kabi imkoniyatlarning tengligi ana shu tamoyilning amaliy ifodasidir. Gender-huquqiy ekspertizaning joriy etilishi ham hujjatlarning xotin-qizlar va erkaklar huquqlariga ta’sirini oldindan baholash imkonini beruvchi muhim mexanizmdir.

Oilaviy zo‘ravonlik — “oilaviy masala” emas


Ayolning huquq va qadr-qimmati, eng avvalo, oilada himoyalangan bo‘lishi kerak. Jismoniy, ruhiy, iqtisodiy yoki boshqa ko‘rinishdagi tazyiq va zo‘ravonlik esa inson huquqlarining jiddiy buzilishidir.
Himoya orderi ham tazyiq yoki zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim vositaga aylandi.
2023-yil 11-aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimi yanada kuchaytirilib, oilaviy-maishiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Shuningdek, shaxsning huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga qasddan zarar yetkazish, qo‘rqitish, sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash kabi oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik holatlariga nisbatan huquqiy javobgarlik mexanizmlari kuchaytirildi.
Ayollar huquqlarini himoya qilishni faqat zo‘ravonlikdan muhofaza qilish bilan cheklab bo‘lmaydi. Ayol o‘z huquqlarini erkin amalga oshirishi uchun ta’lim olishi, kasb egallashi, munosib mehnat qilishi va iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishi muhim.
Shu bois xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash, kredit va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish gender siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Iqtisodiy qaramlik ayrim hollarda ayolning o‘z huquqlarini himoya qilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu ma’noda iqtisodiy mustaqillik nafaqat farovonlik, balki huquqiy erkinlikning ham muhim shartidir.
Huquqiy kafolatlar qanchalik mustahkam bo‘lmasin, fuqaro o‘z huquqlarini bilmasa, ulardan to‘liq foydalanishi qiyin. Shuning uchun xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish alohida ahamiyatga ega.
Ayol o‘z huquqi buzilganda qayerga murojaat qilishi, qanday himoya mexanizmlaridan foydalanishi va qanday huquqiy yordam olishi mumkinligini bilishi kerak. Bu borada bepul yuridik yordam va raqamli xizmatlarning rivojlanishi muhim. Jumladan, “Gender-madad” elektron huquqiy platformasi xotin-qizlarga o‘z huquq va kafolatlari haqida ma’lumot olish hamda yuridik yordamdan foydalanish imkonini kengaytiradi.
Zo‘ravonlikka duch kelgan ayolga esa huquqiy yordam bilan bir qatorda psixologik va ijtimoiy ko‘mak ham zarur. Shu sababli turli xizmatlarning o‘zaro hamkorligi himoya tizimining samaradorligini oshiradi.
Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlangan bo‘lsa-da, amaliyotda ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Aholining huquqiy savodxonligi bir xil darajada emas. Oilaviy zo‘ravonlikning ayrim holatlari yashirilishi yoki jabrlangan ayol qo‘rquv sababli murojaat qilmasligi mumkin.
Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan mexanizmlarning samaradorligi ularni amalda qo‘llaydigan mutaxassislarning malakasiga ham bog‘liq. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tibbiyot xodimlari, psixologlar, ijtimoiy xodimlar, mahalla faollari va pedagoglarning gender masalalaridagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish zarur.
Shu nuqtayi nazardan, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, mahallalarda zo‘ravonlikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, jabrlangan ayollar uchun huquqiy, psixologik va ijtimoiy xizmatlarni uyg‘unlashtirish muhim vazifalardandir. Ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka keng jalb qilish, iqtisodiy mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash ham himoya tizimining ajralmas qismi bo‘lishi kerak.
Ta’lim muassasalarida inson huquqlari, gender tenglik va sog‘lom oilaviy munosabatlarga oid ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi va ijtimoiy xizmatlar xodimlarining gender kompetensiyalarini oshirish ham kutilgan natijaga xizmat qiladi.
Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish — faqat ayollar manfaatini himoya qilish emas. Bu inson qadrini ulug‘lash, oila barqarorligini ta’minlash va adolatli jamiyat qurishning muhim shartidir.
O‘zbekistonda bu yo‘nalishda mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Endigi asosiy vazifa esa mazkur kafolatlarni har bir ayol o‘z hayotida his qila oladigan darajaga olib chiqishdir.
Buning uchun qonunni bilish, unga amal qilish, huquqi buzilgan taqdirda himoya mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini barcha uchun ochiq va qulay qilish zarur.
Ayol huquqi himoyalangan oila — barqaror oila. Ayol qadri ulug‘langan jamiyat esa adolatli jamiyatdir. Gender tenglik shu bois nafaqat xotin-qizlar, balki butun jamiyat taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi.

Mexri Narbasheva,
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati,
Termiz davlat pedagogika instituti professori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MASHAQQATLI MEHNAT VA BAXT NASHIDASI

Bu bitigimiz 94 yoshli Aliqul bobo Tosh o‘g‘li va...

Qumqo‘rg‘onda raqamli xizmatlar markazi ish boshladi

Qumqo‘rg‘on tumanida aholiga zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlarni...

Teng huquq — teng imkoniyat: ayollar himoyasining yangi mezonlari

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning muhim...

Favqulodda vaziyatlarda volontyor — ko‘makchi kuch va insonparvarlik timsoli

            Favqulodda vaziyatlar inson hayoti va salomatligiga, mol-mulk...
KunTun
KunTun