MASHAQQATLI MEHNAT VA BAXT NASHIDASI

Date:

Bu bitigimiz 94 yoshli Aliqul bobo Tosh o‘g‘li va 82 yoshli Mayram momo Xudoyberdi qizining birgalikdagi 60 yillik hayotlari, undan oldingi davrda kechirganlari haqida muqoyasa tarzidagi hikoyalaridir.ILGARI
Mayram momo: Otam eskicha qarashdaligi tufayli yettinchini bitirishim bilan, xohishimsiz turmushga berishdi. Non yopish, sigir sog‘ishni bilmaganim, mustaqil hayotga tayyor bo‘lmaganim uchun turmushim bo‘lmadi. Maktab direktori Mamarasul Boymurodov ham: “Nega voyaga yetmasdan erga berdilaring, qamataman”, deb onamga keladi.
Keyin sakkizinchini bitirib oldim. Onam fermada sog‘uvchi edi. Onamga yordamlashib yurdim.
Men bilan boboning ham ikkinchi turmushi. Bunga sabab: Ikkinchi jahon urushi va eskicha udumlar. Cholimning Shomurod, Do‘stmurod, Qobil, Mirza degan to‘rt akasi urushga ketadi. Shomurod va Mirzasi qaytib keladi.
Urushdan qaytmagan Do‘stmurod akasining bevasini begona bo‘lmasin, deb olib berishadi. Checham bilan yashamayman deb, o‘tpoyalarda yotib yuradi, bir muddat Tojikistonga ham ketib qoladi.
Nihoyat, qarin-doshligimiz borligi uchun meni bu kishimga turmushga berishdi. Paxta dalasida ishladim, g‘alla o‘rdim. Bolamizni uxlatib, g‘ishshalar soyasiga qo‘yib, bug‘doy o‘rganmiz. Ilon-u chayon degani yo‘q ekanmi, hech narsa qilmagan.
Bobo mexanik edi. Menga traktor haydashni o‘rgatdi. G‘o‘zani kultivatsiya qildim, paxta terish mashinasini ham haydadim. 1974-yil
tug‘ilgan qizim Chinnixolni 40 kunligida uyda tashlab, ishga chiqib ketdim.
Aliqul bobo:
Ayolimni qoloq brigadaga boshliq qilib qo‘yishdi. 1970–1977-yillari edi, hosildorlikni 38 sentnerdan 45 sentnerga ko‘tarishdi.
Mayram momo: Shuncha mehnatlarimni yerda qoldirishmadi, “Mehnat Qizil Bayroq” ordeni va “Yosh paxtakor” kabi bir nechta medallar berishdi. 70 yoshimgacha pilla qo‘ydim. Kelinimning uylarini bo‘shatib, qurt boqib, 200 kilogacha pilla topshirdim. Fermer iltimosi bilan oxirgi pilla boqqan yilim toza, ta’mirlangan uylarni bo‘shatgimiz kelmadi. Qurtlarni molxonada boqdik, ko‘pini
qushlar yeb ketib, hech narsa ololmadik.
Ishlagan yillarim rayon, oblast Sovetlariga deputatlikka saylashdi. O‘zbekiston Kompartiyasi XIX syezdiga delegat bo‘ldim. O‘shanda Chinnixolim olti oylik chaqaloq edi. Otasi qarab qoldi. Yupatolmay barmog‘ini so‘ritar ekan.
Aliqul bobo: Yoshligimizda yolchitib o‘qitadigan maktab, muallim ham yo‘q. Oltinchini bitirib, o‘qimadim. Yoshim yetib qolgan. Uch yil usta Po‘latga shogird tushib temirchilik qildim. Usta Xoliyor, uchchalamiz dalada ishlatish uchun nimaiki ish qurol – bel, ketmon, o‘roq bo‘ladimi, oqsoy, omochlar tishimi, barisini yasar edik. Temirni qayerlardan topib kelar edik.
Uch yil armiyada, Kavkazda, Stalingradda xizmat qildim.
Kolxozimiz keyingi uchastkamiz nomi bilan ataladigan Telman nomida edi. Raisi Shoymardan Bo‘ronov qattiqqo‘l odam bo‘lib, hammani ishlatar edi. Suvni Kokaydi kanalidan olar, qishda uni qazishga oylab ketar edik. Qanday qiyin zamon edi. Kolxozda oqsoy ham, keyinchalik traktor haydadim. Mexaniklikka qo‘yishdi. Shu kasbda 35 yil ishladim. Bir oyog‘im kolxozda bo‘lsa, bir oyog‘im MTSda edi. Axir, dehqonning qo‘l-oyog‘iga aylangan biron traktor, texnika to‘xtashi mumkin emas edi. Daryoga ko‘prik qurilguncha rayon markaziga paromda o‘tar edik. Qanday qiyin kunlarni ko‘rmadik.
Mayram momo: Yer haydash, yig‘im-terim mavsumlarida tinim yo‘q edi. Yarim kechagacha, ba’zan tonggacha ishlagan vaqtlari ko‘p bo‘ldi. Shularning evaziga hukumat “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan mexanizator” unvoni bilan taqdirladi.
Aliqul bobo: Kampirimga rahmat. Bu mukofotga sazovor bo‘lishimda uning xizmati beqiyos. Yarim tunda kelsam ham ovqati, choyi tayyor turar edi. Kunduzi tushlikka kechikib kelardim. Shunda ham osh-ovqatni tayyorlab ketar, iliq-issiq turardi.
HOZIR
Mayram momo: Birgalikdagi hayotimdan mingdan-ming roziman. Boboning achchiq-taxir so‘zini biron marta eshitmadim. Ishdan qolgandan so‘ng ham bo‘sh vaqti bo‘lmadi. Hafsalasi bor payt tomorqada harakat qildi. Ishlamagan vaqtlari kitob o‘qidi. Yana ko‘zoynaksiz. Yuzdan ortiq kitob mutolaa qilgan.
Mustaqillikka erishganimiz Xudoning bebaho siylovi bo‘ldi. Boshida qiyinchiliklar, yetishmovchiliklar bo‘ldi. Xalqimiz sabri, mehnati tufayli ular ortda qoldi. Endi esa misli jannatda yashayapmiz. Hamma narsaning to‘kin-sochinligini qo‘ying, chinakam erkinlikdamiz. O‘qib-o‘rganishga, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgan.
Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, uch qiz, bir o‘g‘il ko‘rdik. Biroq o‘g‘limiz peshonamizga sig‘madi, betoblanganda ish-ish deb unga qarolmadik.
Hozir qizlarimizdan 14 nevara, 28 chevaramiz bor. Kattasi Sayyora Sho‘rchida oilasi obodligi yo‘lida, Chinnixolimiz uy bog‘cha ochib, turli sohalarda ishlayotgan onalarning bolalaridan bexavotirligi yo‘lida, Bibixol qizimiz tuman shoshilinch tibbiy yordam markazida elimiz salomatligi yo‘lida xizmat qilmoqda.
Biz tengilarning va o‘rta avlodning bolaligi paxta dalasida o‘tgan. O‘quvchilarsiz ham paxta yetishtirsa bo‘lar ekan. Endi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalari ko‘paydi. Ularda ishlash uchun esa ilm olish, kasblarni o‘rganish kerak. Buning uchun mahallamizning o‘z ichida o‘quv markazi mavjud. Uni biz bilan yashaydigan nevaramiz Islomjon ochgani bilan faxrlanamiz. Markazda 150 nafar bolalar axborot texnologiyalari, ingliz, rus va arab tillari, matematika va boshqa yo‘nalishlarda chuqur bilim olishmoqda. Kelinim Mehrixon ham shu yerda rus tilidan saboq bermoqda. Chinnixol qizimning Ilhomjon o‘g‘li ham tadbirkor. To‘y-marosimlar, turli tadbirlar uchun ijara punkti ochgan. O‘tmishda qani edi bu erkinliklar!?
E’tiqod erkinligimizga hech narsa yetmaydi. Masjidlar va madrasalar mavjud. Kattalar bilan birga yoshlar emin-erkin ibodatda. Ota-bobolarimiz sobiq tuzum davrida umrini Umra va Hajga borish orzusida o‘tkazishgan. Mustaqillik sharofati va farzandlarimiz qo‘llovi bilan 2013-yilda katta Hajga, 2019-yilda cholim bilan birga Umraga bordik, Allohga beadad shukrlar bo‘lsin.
Endi mustaqilligimiz ravnaqini, osoyishtaligimiz barqarorligi, zurriyotlarimiz salomatligini, xalqimiz ahilligini tilab duoda o‘tiribmiz.
***
Toshevlar xonadoniga ertalab bordik. Bahavo, shinam hovlida ko‘rkam qurilgan uylar oldidagi karavot-supada o‘tirib, yuzlarida nur balqigan nuroniylar hikoyalarini tingladik. Gurungimiz tugamasdan hojimomo bizga dasturxon tuzagan Mehrixonni chorlab: “Qizim, biron narsa qilmaysizmi?” degan edi, “Onajon, hozir osh tayyor bo‘ladi”, deb qoldi.
To‘kin dasturxon boshida o‘tirgancha, hijolatomuz: “Shart emas edi”, deganimga javoban: “Siz-bizdan ko‘ra jiz-biz yaxshi”, deyishadi-ku, deya mulozamat qildi.
Ha, xalqimiz ana shunday mehrli, mehmondo‘st. Nuroniylar duosini olib, turishga hozirlanar ekanmiz, “Damas” avtoulovida xususiy bog‘cha mudirasi ochgan Chinnixol qizlari kelib qoldi. Ajablangansimon qarar ekanmiz, hoji bobo barcha qizlariga mashina haydashni o‘rgatganini eslatdi.
Iloho, mehnatlari tufayli elda, farzandlari davrasida e’zoz topib, baxt nashidasini surayotgan, bunday qo‘sha-qarib, pir-u badavlat oilalardan ibrat olib, farog‘atda yashash barchamizga nasib etsin.
Maqolamiz qahramonlari bilan suhbat davomida shuni angladikki, ular mahalla-ko‘y, mas’ullar yo‘qloviga ko‘z tikib turishadi. Negaki, qiyinchilik va mashaqqat ko‘rmay o‘sayotgan bugungi yoshlarga hayot saboqlaridan so‘zlab berish ishtiyoqida yashashadi. Zero, yoshlar yurti, ota-bobolari o‘tmishidan voqif bo‘lishsa. Ulug‘lar deyishadiki: “O‘tmishini bilmagan xalqning kelajagi ham yo‘q”.

Mamarejab MAMATQULOV,
O‘zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist.
Jarqo‘rg‘on tumani

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Reabilitatsiya markazida 130 o‘rinli xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan

Surxondaryo viloyati nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash...

MASHAQQATLI MEHNAT VA BAXT NASHIDASI

Bu bitigimiz 94 yoshli Aliqul bobo Tosh o‘g‘li va...

Qumqo‘rg‘onda raqamli xizmatlar markazi ish boshladi

Qumqo‘rg‘on tumanida aholiga zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlarni...

Teng huquq — teng imkoniyat: ayollar himoyasining yangi mezonlari

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning muhim...
KunTun
KunTun