Prokuratura: yopiq idoradan ochiq muloqot sari

Date:

Prokuratura deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga, avvalo, qonun buzilishiga munosabat bildiradigan, jinoyatlarni tergov qiladigan va nazoratni amalga oshiradigan qat’iy tizim keladi. Ilgari bu tashkilot haqida jamoatchilik orasida “yopiq idora”, faoliyati oddiy fuqarolar uchun yetarlicha ochiq emas degan tasavvur keng tarqalgan edi.Hatto ayrimlar prokuraturani xalq muammosini hal qiluvchi emas, balki faqat jazolovchi tashkilot sifatida qabul qilgan edi.
Bugun esa bu tasavvur tamoman o‘zgardi. Prokuratura faoliyatida ochiqlik, jamoatchilik bilan muloqot va inson huquqlarini himoya qilishga e’tibor kuchayib bormoqda. Surxondaryo viloyati prokuraturasida tashkil etilgan press-tur va matbuot anjumani ham ana shu o‘zgarishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ochiqlik sari tashlangan qadam
Ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, prokuratura organlari faoliyatini jamoatchilikka yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda viloyat prokurori B.Babadjanov ishtirok etdi.
Dastlab, jurnalistlar viloyat prokuraturasida jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. Bu jarayonning o‘ziyoq prokuratura faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri — fuqarolarning murojaatlarini eshitish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ekanini ko‘rsatdi.
Zero, xalq uchun davlat idorasining nufuzi faqat uning vakolati bilan emas, balki eshiklari fuqarolar uchun ochiqligi, murojaatlarga qanday munosabatda bo‘lishi va muammolarni hal etishdagi amaliy natijalari bilan belgilanadi.

Tizim ichidagi faoliyat bilan yaqindan tanishuv


Press-tur davomida OAV vakillari prokuratura xodimlarining saf tayyorgarligi maydonchasi, tezkor xodimlarning xizmat kiyimlari va ishga qabul qilish jarayonida qabul qilinadigan qasamyod mazmuni bilan tanishdi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan “Ma’naviyat burchagi” hamda “Prokuratura tarixi muzeyi”ga sayohat uyushtirilib, viloyat prokuraturasining shakllanish tarixi haqida ma’lumot berildi.
Tadbir ishtirokchilariga korrupsiyaga qarshi kurashish, qurilish sohasida qonunchilik ijrosini nazorat qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishlaridagi shtablar faoliyati ham namoyish etildi. Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish situatsion markazi va Tergov poligoni faoliyati bilan tanishuv esa tizimdagi ishlarning amaliy jihatlarini ochib berdi.


Islohotlarning mazmuni — inson manfaatida


Bugungi islohotlar sharoitida prokuratura zimmasidagi vazifa faqat qonunbuzarlikni aniqlash yoki aybdorni javobgarlikka tortish bilan cheklanmaydi. Qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, fuqarolar, tadbirkorlar va jamiyat manfaatlarini himoya qilish ham muhim yo‘nalishga aylanmoqda.
Tadbirkorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilinmasligi, fuqarolarning huquqlari buzilmasligi, korrupsiyaga qarshi kurashish va yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish — bularning barchasi jamiyatdagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladigan vazifalardir.
Shu ma’noda prokuratura faoliyatidagi ochiqlik oddiy axborot almashinuvi emas. Bu davlat idorasi bilan xalq o‘rtasidagi masofani qisqartirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasini odamlar hayotida yanada yaqqol namoyon etish yo‘lidagi muhim qadamdir.


Raqamlar, natijalar va ochiq savollar


Press-tur matbuot anjumani bilan davom etdi. Unda viloyat prokurori tomonidan 2026-yilning o‘tgan davrida ijtimoiy-iqtisodiy soha, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berildi.
Anjuman davomida jurnalist va blogerlarning savollariga javob berish uchun sharoit yaratildi. Bu esa prokuratura faoliyatini faqat rasmiy ma’lumotlar orqali emas, balki bevosita savol-javob va ochiq muloqot orqali yoritish imkonini berdi.
— Bugun jamoatchilik davlat idoralaridan aniq natija, ochiqlik va mas’uliyat kutmoqda, — deydi viloyat prokurori B.Babadjanov. — Prokuratura tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning haqiqiy samarasi ham aynan shu mezonlar — fuqaroning huquqi himoya qilinishi, tadbirkorning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi va adolatga bo‘lgan ishonch mustahkamlanishi bilan o‘lchanadi.
Surxondaryo viloyati prokuraturasida o‘tkazilgan press-tur ham yuqoridagi fikrlarni isbotlagandek, ana shu ochiqlik va muloqotga intilishning amaliy ko‘rinishi bo‘ldi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MASHAQQATLI MEHNAT VA BAXT NASHIDASI

Bu bitigimiz 94 yoshli Aliqul bobo Tosh o‘g‘li va...

Qumqo‘rg‘onda raqamli xizmatlar markazi ish boshladi

Qumqo‘rg‘on tumanida aholiga zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlarni...

Teng huquq — teng imkoniyat: ayollar himoyasining yangi mezonlari

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning muhim...

Favqulodda vaziyatlarda volontyor — ko‘makchi kuch va insonparvarlik timsoli

            Favqulodda vaziyatlar inson hayoti va salomatligiga, mol-mulk...
KunTun
KunTun