Yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishda ularning o‘zaro bog‘liqligini ochib berish muhim. Yosh inson milliy qadriyatni faqat “bizning an’anamiz” sifatida emas, uning insonparvarlik, axloqiy va ijtimoiy mazmunini anglagan holda qabul qilishi kerak. Bunday yondashuv qadriyatning ma’naviy ta’sir kuchini oshiradi. Umuminsoniy qadriyatlar milliy madaniy kontekstdan uzib tushuntirilsa, ular yosh ongida mavhum tushunchalar sifatida qolishi mumkin.
Qadriyatlarning shaxs ongida shakllanishi ijtimoiylashuv jarayoni bilan bevosita bog‘liq. Ijtimoiylashuv shaxsning jamiyatda mavjud bo‘lgan me’yorlar, bilimlar, madaniy kodlar, rollar va munosabatlarni o‘zlashtirishi hamda ular asosida mustaqil ijtimoiy pozitsiyani shakllantirish jarayonidir. Yoshlik davrida mazkur jarayon ayniqsa faol kechadi. Bu davrda inson o‘z “Men”ini anglaydi, hayotiy maqsadlarini belgilaydi, kasbiy va ijtimoiy tanlovlarni amalga oshiradi, dunyoqarashini mustaqil ravishda shakllantiradi.
Oila qadriyatlarni shakllantirishning birinchi va eng ta’sirchan ijtimoiy muhiti hisoblanadi. Bolaning mehr, hurmat, mas’uliyat, mehnat, halollik, kattalarga munosabat, kichiklarga g‘amxo‘rlik kabi tushunchalar haqidagi dastlabki tasavvurlari oilada paydo bo‘ladi. Oiladagi real munosabatlar ta’lim muassasasidagi tarbiyaviy ta’sir kabi muhim ahamiyatga ega. Yoshlarga halollik haqida gapirishning o‘zi yetarli emas. Ular kattalarning halollikka munosabatini ko‘rishi va his qilishi kerak. Qadriyatlarni shakllantirishda shaxsiy namuna pedagogik ta’sirning muhim mexanizmlaridan biridir.
Oilaviy tarbiyaning o‘ziga xosligi shundaki, qadriyatlar unda rasmiy ta’lim obyekti sifatida emas, kundalik hayot tajribasi orqali o‘zlashtiriladi. Oila a’zolari o‘rtasidagi muloqot, qaror qabul qilish jarayoni, mehnat taqsimoti, nizolarni hal etish usullari yoshning qadriyatlarga munosabatini belgilaydi. Oilada hurmat, ishonch va mas’uliyat ustuvor bo‘lsa, yoshda mazkur qadriyatlarning ichki psixologik modeli shakllanadi. So‘z va amal o‘rtasidagi tafovut esa tarbiyaviy ta’sirni zaiflashtiradi.
Ta’lim muassasasi qadriyatlarni shakllantirishning muhim institutsional muhitlaridan biridir. Maktab, akademik litsey, professional ta’lim muassasasi va oliy ta’lim tashkiloti yoshlarni nafaqat kasbiy va akademik bilimlar bilan ta’minlaydi, balki ularning ijtimoiy pozitsiyasi va fuqarolik madaniyatini ham shakllantiradi. Zamonaviy pedagogikada ta’lim natijasini faqat bilim va ko‘nikmalar bilan o‘lchash yetarli emas. Muloqot qilish, hamkorlik qilish, muammoni tanqidiy tahlil etish, boshqa nuqtayi nazarni tushunish, mas’uliyatli qaror qabul qilish va ijtimoiy faollik ko‘rsatish qobiliyatlari ham ta’lim sifatining muhim ko‘rsatkichlaridir.Yoshlar ongida qadriyatlarni shakllantirish jarayonida bilim, munosabat va faoliyat birligi ta’minlanishi zarur. Avvalo, yosh milliy yoki umuminsoniy qadriyatning mazmuni va ijtimoiy ahamiyatini bilishi kerak. Keyin unda mazkur qadriyatga shaxsiy munosabat shakllanadi. Yakuniy bosqichda qadriyat real xulq-atvor va ijtimoiy faoliyatda namoyon bo‘ladi. Qadriyatning ichki e’tiqodga aylanganini aynan amaliy faoliyat ko‘rsatadi.
Masalan, yosh inson “vatanparvarlik” tushunchasining ta’rifini bilishi uning vatanparvar shaxs ekanini anglatmaydi. U vatanparvarlik mazmunini anglashi, mamlakat va jamiyat taqdiriga shaxsiy mas’uliyatni his qilishi, jamoat manfaatlariga daxldor masalalarga befarq bo‘lmasligi, o‘z faoliyati bilan ijtimoiy foyda yaratishga intilishi kerak. Qadriyatning haqiqiy o‘zlashtirilishi bilimdan e’tiqodga, e’tiqoddan amaliy xulq-atvorga o‘tish bilan belgilanadi.
Abdulaziz Abduvahidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

