Bugunda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu — Prezident maktablariga qabul jarayonidir. Men ingliz tili o‘qituvchisiman. Ayni paytda yosh qizim borligi sababli uyda — farzand tarbiyasi bilan bandman.
Biroq kasbga bo‘lgan mehrim va ona sifatidagi mas’uliyatim sababli ushbu jarayonni diqqat bilan kuzatib boryapman. Kuzatishlarim davomida bir narsani aniq angladim: bu maktablarning kirish imtihonlari nafaqat bolalarni saralaydi, balki bizning til o‘rgatish tizimimizni ham butunlay o‘zgartirmoqda.
Xo‘sh, nima uchun yillar davomida tayyorlangan repetitorlik darslari yoki darslikdagi qoidalarni shunchaki yodlab olish Kembrij imtihonlarida doim ham kutilgan natijani bera olmaydi? Til bilish — shunchaki lug‘at yodlash emas. Biz ko‘p yillar davomida xorijiy tilni faqat grammatik qoidalarini mexanik ravishda eslab qolish va so‘zlarni tarjima qilish orqali o‘rgatib keldik. Ammo Prezident maktabi imtihonlari boladan mutlaqo boshqa narsani — tilni hayotda qo‘llay olishni va mantiqiy fikrlashni talab qilyapti. Imtihondagi matnlar bilan ishlash va mantiqiy savollar shuni ko‘rsatadiki, bola ingliz tilida shunchaki gapira olishi yetarli emas, u shu tilda fikrlay olishi kerak.
Uyda til o‘rgatishning yangi usullarini o‘rganib borarkanman, uy sharoitida farzandlarini ushbu nufuzli imtihonlarga tayyorlayotgan ota-onalarga mutaxassis sifatida quyidagi oddiy, lekin juda muhim maslahatlarni bergan bo‘lardim:
— Lug‘at yodlashni to‘xtating: Bolaga so‘zlar ro‘yxatini qog‘ozga yozib berib, majburlab yodlatmang. Har bir so‘zni kichik matnlar yoki gaplar ichida qo‘llashni o‘yinlar orqali o‘rgating. Shunda so‘z bolaning xotirasida muhrlanib qoladi.
— “Nima uchun?” degan savolni ko‘p bering: Ingliz tilida biror mashq bajarganda, boladan faqat to‘g‘ri javobni topishni talab qilmang. Undan “Nima uchun aynan shu javobni tanlading?” deb so‘rang va fikrini tushuntirib berishiga yo‘l oching.
Eshitish qobiliyatini o‘stiring: Bola tilni faqat kitobdan ko‘rib o‘rganmasligi kerak. Bolalar uchun mo‘ljal-langan ingliz tilidagi qiziqarli audio materiallarni tinglash imtihonda juda katta yordam beradi.
Prezident maktablari farzandlarimiz uchun juda katta imkoniyatdir. Bu imtihonlar biz — o‘qituvchilar va ota-onalardan bolalarimizni qoliplardan chiqarib, erkin va kreativ fikrlashga o‘rgatishimiz kerakligini ko‘rsatib bermoqda. Zero, kelajakda mustaqil va keng fikrlaydigan insongina haqiqiy muvaffaqiyatga erisha oladilar.
E’zozxon MAMATOVA,
o‘qituvchi,
Termiz tumani

