Har qanday jamiyatning taraqqiyoti sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol insonlarga bog‘liq. Biroq bugungi kunda giyohvandlik nafaqat shaxs, balki oila va jamiyat barqarorligiga jiddiy xavf tug‘di-rayotgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Uning salbiy oqibatlari sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ijtimoiy xavfsizlik va ma’naviy hayotning barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatadi.
Giyohvandlik, avvalo, inson salomatligini izdan chiqaradi. U markaziy asab tizimi, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari faoliyatiga salbiy ta’sir etib, ruhiy tushkunlik, tajovuzkorlik va ijtimoiy faollikning pasayishiga olib keladi. Eng og‘ir zarba esa oilaga tegadi. Qaramlik tufayli oiladagi mehr-oqibat, ishonch va osoyishtalik yo‘qoladi, farzandlar tarbiyasi izdan chiqadi, kelajak avlodning barkamol voyaga yetishiga putur yetadi.
Bundan tashqari, giyohvandlik jinoyatchilikning ortishi, noqonuniy moddalar savdosining kengayishi va mehnat unumdorligining pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi sekinlashadi, davlatning sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qilish sohalariga sarflaydigan xarajatlari ortadi.
Ushbu illatga qarshi kurash faqat jazolash bilan cheklanmasligi kerak. Profilaktika, yoshlar o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot ishlari, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, sifatli davolash va ijtimoiy reabilitatsiya tizimini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Oila, ta’lim muassasalari, mahalla va davlat idoralari hamkorligida olib boriladigan tizimli ishlar giyohvandlikning oldini olishda eng samarali yo‘ldir.
Giyohvandlikka qarshi kurash har bir fuqaroning mas’uliyatini talab etadi. Zero, sog‘lom avlod, mustahkam oila va xavfsiz jamiyatni barpo etish faqat umumiy sa’y-harakatlargagina bog‘liq emas. Zero, sog‘lom turmush tarzi, ma’naviy tarbiya va ogohlik giyoh-vandlikka qarshi kurashda eng kuchli qalqondir.
A.XO‘JANAZAROV,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
E.ISMOILOV,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti assistent o‘qituvchisi

