Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida davlat boshqaruvining samaradorligini oshirish, xalq manfaatlarini ta’minlash va inson qadrini ulug‘lash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu maqsadlarga erishishda mahalliy vakillik hokimiyati organlari bo‘lgan xalq deputatlari Kengashlari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda mahalliy davlat hokimiyati tizimini takomillashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyili mahalliy davlat boshqaruvi tizimi faoliyatining bosh mezoniga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbayi ekani belgilangan. Konstitutsiyaning mahalliy davlat hokimiyatiga bag‘ishlangan normalarida xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar mazkur hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlab bergan.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan islohotlar ham izchil davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoni bilan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjat asosida mahalliy Kengashlarning nazorat vakolatlari kengaytirilib, byudjet jarayonlaridagi ishtiroki kuchaytirilmoqda, ijro hokimiyati organlarining deputatlar oldidagi hisobdorligi yanada oshirilmoqda.
Shuningdek, “Kuchli Kengash hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning mahalliy boshqaruvdagi ishtirokini kengaytirish va Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Bu islohotlar mahalliy vakillik organlarining nufuzi va ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi hamkorlik faqat qaror qabul qilish bilan cheklanib qolmay, balki aholi murojaatlarini hal etish, investitsiyalarni jalb qilish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, kommunal xizmatlar sifatini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi muhim vazifalarni qamrab olmoqda.
Ushbu yo‘nalishda Termiz shahrining o‘ziga xos tajribasi alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, joriy yilda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi hamda shahar hokimligi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli hamkorlik hududlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy ishlarda o‘z aksini topdi. Bu davrda mahalliy Kengashning 5 marotaba tashkil etilgan sessiyalarida shahar hayoti uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan 58 ta muhim masala atroflicha muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli strategik qarorlar qabul qilindi. Eng e’tiborli jihati shundaki, mazkur qarorlarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi va ularning ijrosini to‘liq ta’minlash jarayonida shahar hokimligi, sohaviy tashkilotlar va xalq vakillari bo‘lgan deputatlarning o‘zaro jipsligi hamda yuqori hamjihatligi namoyish etildi, bu esa mahalliy boshqaruv organlarining birdamlikda ishlash tizimi qanchalik samarali ekanini ko‘rsatmoqda.
Sessiyalarda shahar hokimining o‘rinbosarlari, iqtisodiy kompleks, moliya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichki ishlar, ekologiya va boshqa sohalar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Muhokamalar jarayonida deputatlar aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni o‘rtaga qo‘yib, ularni hal etish bo‘yicha aniq takliflar kiritdi. Natijada ijro organlari faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazorati shakllanmoqda.
Termiz shahrida xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar mahalliy vakillik hamda ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi hamkorlik samarasini yaqqol namoyon etmoqda. Bu borada aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi muhim o‘rin tutib, yil davomida 869 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati ijobiy hal etildi, qolganlari bo‘yicha esa mas’ul tashkilotlar ishtirokida aniq yechim choralari belgilandi. Natijada aholi va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yanada mustahkamlandi.
Xalq vakillarining joylardagi muammolarni hal etishdagi faol ishtiroki ham diqqatga sazovor. Yil mobaynida deputatlar tomonidan 130 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ular asosan ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi, yo‘l infratuzilmasi, tungi yoritish, obodonlashtirish, sanitariya holati va ijtimoiy himoya masalalarini qamrab oldi.
Mazkur so‘rovlar natijasida shaharning 11 ta mahallasida suv tarmoqlari ta’mirlandi. Alpomish, Majnuntol, Abdulla Avloniy, Farhod, Turon, Surxon sohili, Bog‘ishamol, Saxovat, Jayxun, Guliston va Mehrobod mahallalarida aholi uchun muhim bo‘lgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, Abdurahmon Jomiy, Majnuntol, Surxon sohili, Saxovat va boshqa mahallalarda jami 17 ta hududda elektr tarmoqlari va uskunalari yangilandi. Bog‘ishamol, Chegara, Tinchlik, Temiryo‘lchi, Ma’rifat, Kattabog‘, Surxon sohili hamda Tuproqqo‘rg‘on mahallalarida esa 10 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, aholi uchun qulay infratuzilma yaratildi.
Mahalla instituti bilan hamkorlik ham o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bugun mahallalar aholi muammolarini erta aniqlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda hududlarni obodonlashtirishda muhim tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda. Deputatlar va mahalla faollarining hamjihatligi tufayli 172 ta muammo o‘z vaqtida aniqlanib, ularni bartaraf etish ishlari izchil olib borilmoqda.
Ochiqlik va shaffoflik tamoyillari ham Termiz shahridagi boshqaruv tizimining muhim yo‘nalishiga aylandi. Shu maqsadda aholi bilan 66 ta ochiq muloqot tashkil etildi. Qabul qilinayotgan qarorlarning mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazilib, 4 ta muhim qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Ijtimoiy tarmoqlar va axborot platformalari orqali fuqarolarning taklif va tashabbuslari muntazam o‘rganilib, ularni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Termiz shahrida amalga oshirilayotgan bu ishlar xalq manfaatlarini ta’minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kelgusida mahalliy vakillik hamda ijro hokimiyati organlari o‘rtasida yagona raqamli hamkorlik tizimlarini joriy etish, deputatlik nazorati ta’sirchanligini oshirish, “Ochiq byudjet” jarayonlarida aholi ishtirokini kengaytirish va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim vazifalardan biri sanalanadi.
Xulosa qilib aytganda, Termiz shahri tajribasi bo‘yicha mahalliy vakillik hokimiyati organlari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik hududlarni barqaror rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning muhim omili hisoblanadi.
Islohotlar kuchini birlashtirgan bunday hamkorlik Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim tayanchi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning markazida esa inson manfaati, xalq roziligi va hududlarning barqaror rivojlanishi kabi ezgu maqsadlar mujassamdir.
Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari

