Tekshiruvlar kamayib, imtiyozlar ko‘payadi

Date:

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi PF-100-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi.
Shu bilan birga, tovarlarni import qilgan yuridik shaxslar, YATTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQSga o‘tkazish tartibi bekor qilinmoqda.
Bundan tashqari, Farmon bilan tadbirkorlarni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan yana bir masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyati umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning amaldagi 12 foiz stavkasi bilan bir qatorda soddalashtirilgan tartibini qo‘llash huquqi berilmoqda.
Mazkur soddalashtirilgan tartibda ushbu sohalar uchun QQS stavkasi 6 foiz etib belgilanib, shuningdek, foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan holda hisobot topshirish majburiyati ham bekor qilinmoqda.
Ushbu yangi Farmon orqali qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish jarayonidagi ayrim ma’muriy to‘siqlar ham bartaraf etilmoqda. Xususan, QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat QQS to‘lovchilar hisobini yuritish uchun beriladi va uni o‘z vaqtida olmaganlik uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi. Shuningdek, guvohnomani vaqtinchalik to‘xtatib turish tartibi ham bekor qilinmoqda.
Ayni paytda, QQS to‘lovchilarning 10 million so‘mgacha bo‘lgan salbiy farq summalari ularning arizasisiz, avtomatik tartibda va tekshiruv o‘tkazilmasdan qaytarib beriladi. Bundan tashqari, 2027-yildan boshlab soliq xavfi past bo‘lgan soliq to‘lovchilarga QQSni qaytarish faqat avtomatik tartibda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, 2028-yilgacha kichik biznes subyektlariga aniqlangan soliq xavflarini mustaqil ravishda bartaraf etish imkoniyati yaratiladi. Xususan, soliq xavfi summasi 500 million so‘mgacha bo‘lgan hollarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lgan hollarda esa sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, 1-iyuldan boshlab soliq to‘lovchilar tomonidan kameral tekshiruv bo‘yicha talabnomaga tushuntirish yoki tuzatishlar taqdim etilganidan so‘ng bank hisobvarag‘ini faollashtirish jarayoni to‘liq avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Xabaringiz bor, 2026-yil 1-apreldan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov vositalari orqali amalga oshirilishi belgilangan edi. Biroq mamlakatimizga tashrif buyuruvchi turistlar uchun, ayniqsa umumiy ovqatlanish obyektlari hamda mehmonxonalarda yuzaga kelgan noqulayliklar sababli, soha vakillarining takliflari o‘rganib chiqildi va natijada alkogol hamda tamaki mahsulotlari uchun to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida qabul qilishga ham ruxsat berildi.
Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSning bir qismini qaytarib berishda tushum turidan qat’i nazar, 40 foiz
miqdorida “keshbek” qaytarilishi belgilandi.
Shu bilan birga, ayrim toifadagi xodimlarni shu kunning o‘zida ishga qabul qilish va ularga ish haqi to‘lash bo‘yicha soddalashtirilgan tartib joriy etildi.
Yana bir muhim yangilik sifatida, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga o‘zlariga tutash hududdan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi stavkasi yer solig‘ining bir baravariga tushirildi. Shuningdek, kichik biznes uchun buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki barobar miqdorda chegirishga ruxsat berilmoqda.

Otabek Umirov,
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Gaz “teshiklari” yopilmoqda

Tabiiy gaz bugungi kunda dunyoda eng muhim energiya manbalaridan...

Bugunning ehtiyoji, ertaning kafolati

Har qanday davlatning rivojlanishi uning energiya ta’minoti bilan bevosita...

4 292 marotaba reyd

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy...

UzQR majburiy

1-iyuldan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik...
KunTun
KunTun