So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida suv havzalarida cho‘kish bilan bog‘liq noxush holatlar haqida
xabarlar ko‘payib bormoqda. Aksariyat baxtsiz hodisalar esa oddiy ehtiyotsizlik, xavfsizlik qoidalarini bilmaslik yoki ularga beparvo munosabat natijasida yuzaga kelmoqda. Bu esa cho‘milish madaniyati va profilaktik tushunchalarni keng jamoatchilikka yetkazish zaruratini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suv havzalarida dam olish — inson salomatligi uchun foydali bo‘lsa-da, u ma’lum xavf omillaridan xoli emas. Shu bois har bir fuqaro cho‘milishdan oldin xavfsizlik va gigiyena qoidalarini bilishi va ularga qat’iy amal qilishi lozim.
Suv havzalarida baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun quyidagi holatlardan qat’iy saqlanish kerak:
Daryo, kanal, ko‘l va “cho‘milish taqiqlanadi” belgisi qo‘yilgan joylarda suvga tushish qat’iyan man etiladi;
Kuchli shamol, yomg‘ir yoki to‘lqinli ob-havo sharoitida cho‘milish xavfli hisoblanadi;
Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda suvga tushish hayot uchun jiddiy xavf tug‘diradi;
Haddan tashqari charchoq yoki to‘q qoringa cho‘milish ham organizmga salbiy ta’sir qiladi;
Tubi ko‘rinmaydigan yoki notanish joylarda sho‘ng‘ish qat’iyan tavsiya etilmaydi.
Eng ko‘p uchraydigan xavfli holatlar bolalar bilan bog‘liq ekanligi unutmaslik lozim. Shu bois:
— Bolalar hech qachon qarovsiz qoldirilmasligi;
— Ular faqat maxsus ajratilgan, sayoz (60–90 sm)
chuqurlikdagi joylarda cho‘milishi;
— Ota-onalar va kattalar doimiy nazoratni ta’minlashi shart.
Suv havzalarida sog‘lom dam olish uchun quyidagi tavsiyalar muhim:
— Ovqatdan so‘ng kamida 1,5–2 soat o‘tib suvga tushish tavsiya etiladi;
— Quyoshda qizib ketgan tana bilan birdan sovuq suvga kirish organizm uchun xavfli;
— Suvda 15–20 daqiqadan ortiq qolmaslik lozim;
— Suvdan chiqqach, darhol tanani artib, quruq kiyim kiyish kerak.
Dam olish faqat ruxsat etilgan, qutqaruv xizmati va tibbiy punkt mavjud bo‘lgan plyaj va maskanlarda tashkil etilishi lozim. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, aynan shu omil favqulodda vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Suv havzalarida cho‘milish — madaniyat va mas’uliyatni talab qiladigan jarayon. Har bir beparvo harakat ortida og‘ir oqibatlar yashiringan bo‘lishi mumkin. Shu bois xavfsizlik qoidalariga amal qilish nafaqat shaxsiy ehtiyot chorasi, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatdir.
Bolalarni nazoratsiz qoldirmaslik, ruxsat etilmagan joylarda cho‘mil-maslik, qutqaruvchilar tavsiyalariga amal qilish va gigiyenaga rioya qilish — baxtsiz hodisalarning oldini oluvchi eng muhim omillardir.
Suv havzalarida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish esa sog‘lom va xotirjam dam olishning asosiy garovidir.
Javohir Tog‘ayev,
Sherobod tumani FVB FVPB katta inspektori,
katta leytenant

