Beshta spin-off… o‘nta patent olinadi

Date:

Mamlakatimizda oliy ta’limni rivojlantirish orqali malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xorij tajribalari o‘rganilib, o‘quv, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligi oshirilayotir. Samarqand davlat veterinariya va meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida ham ta’lim sifatini oshirib, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash muhim vazifa sifatida belgilab olingan. Prezidentimizning 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashda muhim
dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qarorga muvofiq oliy ta’lim dargohida 2023/2026-yillarga mo‘ljallangan “Strategik reja” ishlab chiqilib, mazkur hujjat ijrosini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya va meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida 140 ga yaqin professor-o‘qituvchi 2025/2026-o‘quv yilida 2 575 nafar bakalavriat va 52 nafar magistr talaba-yoshlarga ilm-fan sirlarini chuqur o‘rgatdi. Ularning 894 nafari kunduzgi, 304 nafari kechki, 1 288 nafari sirtqi va 37 nafari masofaviy ta’lim dasturlari asosida o‘zlari tanlagan kasb sirlarini o‘rgandi.
Oliy ta’lim muassasamizda zooveterinariya, veterinariya meditsinasi, veterinariya-sanitariya ekspertizasi, veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanadi. Bo‘lg‘usi kasb egallarining o‘zlari qiziqqan sohani mukammal egallashi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Jumladan, uchta fakultetning 9 ta kafedrasida eng malakali professor-o‘qituvchilar jamlangan. Ular 16 ta kunduzgi, 8 ta kechki, 12 ta sirtqi, 2 ta masofaviy bakalavr ta’lim yo‘nalishlaridagi talabalarda saboq bermoqda. Kredit modul tizimi joriy etilgan. O‘quv-laboratoriya xonalari va auditoriyalar zamonaviy usulda jihozlangan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi doirasida 300 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘i hisobiga 49 nomdagi 100 dona jihoz va asbob-uskuna bilan ta’minlangan.
10 432 dona kitob fondiga ega axborot-resurs markazi talabalar xizmatida.
Professor-o‘qituvchilarimizning 6 nafari fan doktori, 55 nafari fan nomzodi va falsafa doktori unvoniga ega. Yakunlangan o‘quv yilida 14 nafar ilmiy tadqiqotchi ilmiy ishini himoya qilib, falsafa doktori ilmiy darajasini oldi. Ilmiy va innovatsion ishlar samaradorligini oshirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli beshta patent olindi. 18 ta monografiya, 16 ta darslik, 29 ta o‘quv qo‘llanma,
38 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlandi. O‘tgan o‘quv yilida bir nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiati, bir nafari Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, bir nafari Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga munosib ko‘rilib, uch nafari startap loyihalar g‘olibi bo‘ldi.
Ayni paytda oliy ta’lim muassasamiz yangi o‘quv yili uchun ham ulkan rejalarni belgilab olgan. Xususan, kelgusi o‘quv yilida fan doktorlar sonini 15 nafarga, fan nomzodi va falsafa doktorlari sonini 65 nafarga, ilmiy salohiyatni 60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Beshta spin-off korxona ochish, oltita xorijiy va mahalliy loyihalarni jalb etish, talabalar startap loyihalari sonini 6 taga oshirish, ilmiy ishlanmalar sonini uch mingtaga yetkazish, Intellektual mulk agentligidan o‘nta patent guvohnomasi olish kabi rejalar belgilab olingan. Bu ishlarning barchasi mamlakatimizning muhim tarmog‘i uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega kadrlarni tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Norqobil Qulmatov,
Samarqand davlat veterinariya va meditsinasi, chorvachilik va
biotexnologiyalar universiteti Toshkent filiali katta o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Murojaatlar e’tibor markazida

Fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish va ularning muammolarini o‘z...

Surxondaryo—Mogilyov: hamkorlik yangi bosqichda

Hududlararo hamkorlikni kengaytirish investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish...

Samarqand tajribasi ommalashadi

Qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishish zamonaviy yondashuv va ilg‘or...

“Yuksalish” yuksalmoqda

Aholining bevosita ishtiroki bilan amalga oshirilayotgan tashabbusli budjet loyihalari...
KunTun
KunTun