Inson qadri va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan yurtda yashayapmiz. Nuroniy otaxon va onaxonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning munosib hayot kechirishi uchun qulay sharoit yaratish kunning
ahamiyatli mavzusiga aylangan.Keksalar katta hayotiy tajriba sohiblaridir. Ularning mehnati, sabr-toqati va fidoyiligi bugungi avlod uchun muhim tarbiya manbayi bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois yurtimizda keksalarni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.
So‘nggi yillarda nafaqadagi fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, nafaqalarni o‘z vaqtida va uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bank tizimi orqali nafaqalarni berishning zamonaviy va qulay mexanizmlari joriy etilgani bu jarayonda muhim o‘rin tutmoqda. Bu boradagi ishlarning amaliy ifodasini Termiz shahar Xalq banki pensiya bo‘limi faoliyatida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bank xodimlari nafaqa oluvchilarga xizmat ko‘rsatishda xushmuomalalik va mas’uliyat bilan yondashib, ularning murojaatlarini tezkor hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Nafaqa oluvchilar orasida turli toifadagi fuqarolar, jumladan, sog‘ligida muammosi bor yoki yoshi ulug‘, uyidan chiqishi qiyin bo‘lgan nuroniylar ham mavjud. Bunday holatlarni inobatga olgan holda bank xodimlari ularga individual yondashmoqda.
Ayrim holatlarda nafaqalar fuqarolarning uylariga borib topshirilmoqda. Bu esa harakatlanishi cheklangan keksalar uchun katta qulaylik yaratib, ularning ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli nuroniylar bank tizimining xizmatlaridan mamnun ekanliklarini bildirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, yaratilayotgan sharoitlar nafaqat qulaylik, balki inson qadri ulug‘lanayotganining amaliy ifodasidir.
Keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish nafaqat davlat siyosatining muhim yo‘nalishi, balki har bir fuqaroning ma’naviy burchidir. Nuroniylarning duosi, hayotiy tajribasi va maslahatlari jamiyat taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga ega. Ularni e’zozlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish va ijtimoiy himoyani ta’minlash — kelajak avlod uchun ham yuksak insoniy qadriyatlar namunasidir.
B.Karimova,
TerDU dotsenti,
Xalq deputatlari
viloyat Kengashi deputati

