Jarqo‘rg‘on tuman sport maktabida sportning taekwondo WT turi bo‘yicha o‘smirlar, kadetlar va kichik o‘smirlar o‘rtasida “Surxondaryo Open” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda Surxondaryo viloyatining barcha hududlaridan, shuningdek, qo‘shni Qashqadaryo viloyatidan tashrif buyurgan yosh sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib bordilar.
Musobaqa davomida bellashuvlar keskin va murosasiz kechdi. Har bir jangda sportchilarning mahorati, tezkorligi va irodasi yaqqol namoyon bo‘ldi. Yosh bo‘lishiga qaramay, ishtirokchilar professional sportchilarga xos bo‘lgan intilish va mas’uliyat bilan tatamiga chiqib, tomoshabinlarga qiziqarli va hayajonli bahslar taqdim etdilar.
Yakunda umumjamoa hisobida Jarqo‘rg‘on tumani yoshlari eng ko‘p ochko jamg‘arib, faxrli 1-o‘rinni egalladi. Bu natija tuman sportchilarining muntazam mashg‘ulotlari va murabbiylar mehnatining samarasidir.

