“Boburnoma” Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘lini bayon etuvchi tarixiy-adabiy asardir. Asar turkiy tilda yozilgani, unda o‘z davriga xos flora va fauna nomlari, o‘simlik turlari, meva-sabzavot atamalari ko‘pligi tufayli tarjimada alohida e’tibor talab qilinadi.
Har bir tilning lug‘at qatlami o‘sha xalqning o‘tmish va hozirgi zamondagi madaniy va moddiy merosiga oid ma’lumotlardan tashkil topgan bebaho xazinadir. Xalqlarning madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi bilan bog‘liq hodisalarni tillarda aks ettiruvchi ushbu
leksik birliklar o‘zlarining kelib chiqishi tarkibi, shakllanishi va rivojlanishi hamda matnda qo‘llanilishi jihatidan rang-barangdir. Ulardan biri – turli tizimli tillarda, jumladan, o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi meva-sabzavot va poliz ekinlari nomlaridir. Bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini amalga
oshirgan qator o‘zbek, rus va ingliz tilshunoslarining ilmiy ishlari diqqatni o‘ziga jalb qiladi. Ta’kidlash lozimki, meva-sabzavot va poliz ekinlari nomlari shu paytgacha alohida material asosida o‘rganilgan, ammo qiyosiy-chog‘ishtirma aspektda maxsus tekshirish obyekti qilib olinmagan.
“Boburnoma” matnida qo‘llanilgan uzum, olxo‘ri, nok, olma, anor, o‘rik, shaftoli, olu-bolu (tog‘olcha), bodom va yong‘oq kabi mevalar nomlari A.Zikriyoyevning “Hind sorida pishgan qovun yoxud Mirzo Bobur kashfiyotlari” nomli maqolasida ko‘rib chiqilgan. Muallifning ta’kidlashicha, Bobur o‘z ona yurtining tabiatini, uning o‘ziga xos xos tabiiy xususiyatlarini anglashga talpingan hamda tabiat va jamiyat hodisalarini ilmiy jihatdan olimona baholagan, qolaversa, atirgul, qovun va uzumni Hindistonda ekib, ular ustida ilmiy izlanishlar olib borgan.
Asosan sharq mamlakatlari (O‘rta Osiyo, Ozarboyjon, Eron va Afg‘oniston) hududlarida yetishtiriladigan meva nomlaridan biri anor kelib chiqish xususiyatiga ko‘ra, forscha so‘z hisoblanadi. Uning qisqartirilgan shakli – nor turkiy yodgorliklarda nara shaklida IX–X asrlardan uchrab boshlaydi. Nor so‘zi arab-fors va turkiy tillarda “cho‘g‘”, “olov”, “shu’la” ma’nolarida ham ishlatiladi. Bunday holat, bizningcha, anor daraxti va uning mevasining nomi rangiga taqlid qilinishi natijasida kelib chiqqanligidan darak beradi.
Turkiy tillarda forscha anor so‘zining qisqartma shakli nar murakkab otlar tarkibida qo‘llanilib, semantik jihatdan rivojlangan.
Sh.Rahmatullayev o‘zining “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da – bu forscha-tojikcha anor so‘zi “tarkibidagi a tojik tilidagi o tovushiga almashtirilgan va o‘zbek tiliga shu shaklda olingan”, deb izohlagan.
Kamola Haydarova,
TerDU dotsenti, PhD

