Termiz iqtisodiyot va servis universiteti (TISU) delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar sohalarida keng ko‘lamli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Safar davomida bir nechta nufuzli universitet va tibbiyot markazlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma loyihalar bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Delegatsiya avval Koreya texnologiya va ta’lim universitetida (KOREATECh) axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ilmiy izlanishlar va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Osan universiteti bilan muzokaralar natijasida tibbiyot, IT va maktabgacha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yaratishga doir memorandum imzolandi.
Yanju shahridagi Seojeong universitetida esa kemasozlik, avtomobilsozlik, sun’iy intellekt va turizm kabi sohalarda tajriba almashinuvi va qo‘shma ilmiy faoliyat bo‘yicha yangi istiqbollar belgilab olindi.
Tashrifning yana bir muhim nuqtasi — Seuldagi Severans shifoxonasi bilan uchrashuv bo‘lib, unda robotlashtirilgan davolash texnologiyalari, onkologiyada innovatsion usullarni joriy etish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.
Ushbu tashrif TISUning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlab, zamonaviy kadrlar tayyorlashda global tajribani keng tatbiq etish uchun muhim zamin yaratmoqda.

