Kamxarj hamda ekologik toza energiyadan samarali foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish dolzarb masala. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida ilmiy ishlanmalarga asoslangan holda xorijiy investorlar ishtirokida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov vohaga tashrif buyurgan Xitoyning yirik qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchisi — “Jiangsu World Machinery Co. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Chju Linjun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Muzrabot tumanidagi ball boniteti past, sug‘orish imkoniyati cheklangan maydonlarda Xitoy tajribasi asosida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan holda yuqori hosildor paxta yetishtirish loyihasini amalga oshirish taklifi ko‘rib chiqildi.
Loyihaning birinchi bosqichida paxta yetishtirish, saqlash va tola tayyorlash ishlari, keyingi bosqichlarda esa paxtani tayyor mahsulotga aylantirish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish hamda Muzrabot tumanida soha mutaxassislarini tayyorlaydigan maktab tashkil etish rejalashtirilgan.
Muzokaralar davomida tomonlarning takliflari ma’qullanib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Jumladan, yer maydonlari ijara huquqi asosida auksion savdolari orqali ajratilishi, paxta saqlash va qayta ishlashni tashkil etish uchun binolar vaqtincha foydalanish huquqi asosida berilishi, shuningdek, kelgusida ishlab chiqarish zanjirini tashkil etish belgilandi.
Delegatsiya rahbari kompaniya faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyat hokimi hamda tegishli mutasaddilarni Xitoyga amaliy tashrif bilan borishga taklif etdi.