92 ming bitiruvchining bandligi ta’minlanadi

Date:

Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish mamlakatimizda ta’lim tizimi va mehnat bozorining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Ushbu yig‘ilishda ta’lim tizimi bilan mehnat bozorining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator yangiliklar va tashabbuslar ilgari surildi. Bildirilgan fikr va topshiriqlar har birimiz uchun yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.
Oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda qabul ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshganiga qaramay, kadrlar tayyorlash tizimi real mehnat bozorining ehtiyojlariga mos kelmayapti. Masalan, Jizzaxdagi “BYD” zavodida 100 ta vakant ish o‘rni mavjud bo‘lib, ularning to‘rtdan biri robototexnika, bo‘yoqlash va robotlarni dasturlash muhandislari uchun ajratilgan. Afsuski, bu yo‘nalishlarda malakali kadrlar yetishmayapti va zavod xorijdan 80 nafar mutaxassisni jalb qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu holat ta’lim tizimining mehnat bozorining real ehtiyojlariga moslashmaganligini ko‘rsatadi.
Yig‘ilishda oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta ekani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor. Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari ishga joylashishni hisob-kitob qilishdagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotgani bilan ishli bo‘lganlarning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan. Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflamoqda. Lekin, to‘rt yil oliygohda o‘qib, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi kam malaka talab etadigan ishlarda band.
Qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun o‘z samarasini bergani ta’kidlandi. Masalan, iqtisodiyot, yuridik, tibbiyot, tillar va pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlarning yetarli mablag‘i bor. Lekin eng dolzarb bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar (STEAM) yo‘nalishidagi ayrim oliygohlar daromad topishga o‘rganmayotgani, yoshlar uchun jozibador emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shundan kelib chiqib, rektorlar ushbu yo‘nalishda yanada faol bo‘lishimiz, bozor talablarini chuqur o‘rganib, ularga mos innovatsion yechimlar ishlab chiqishimiz, yangi hamkorlar topishimiz hamda xalqaro grant va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borishimiz lozim. Buning uchun ilmiy izlanishlarni kuchaytirish, talabalar va yosh olimlarni amaliy loyihalarga keng jalb etish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Ishonamizki, oliygoh va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik tufayli biz ertangi kunning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh, fidoyi mutaxassislarini yetishtiramiz. Bu esa nafaqat universitetlarning, balki butun mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Endilikda qiymati
1 million AQSH dollaridan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu asosda mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi. Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.
Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib himoya qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim bo‘ladi.
Tahlillar ko‘rsatga-nidek, byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatishdan manfaatdor emas. Shu bois, oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun ma’qul keladigan tizim yaratilishi belgilandi. Buning uchun Tadbirkorlar reytingida alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi. Bunda tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi. Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning “karyera markazi” bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘lab beradi.
Eng muhimi, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi. Bitiruvchisini yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karyera markazi”ga oliygoh jamg‘armasidan
500 million so‘m mukofot beriladi. Shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirish jarayonida eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan kafedralar va fakultetlar moddiy rag‘batlantiriladi. Bu tizim professor-o‘qituvchilarni ham bitiruvchilar taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning malaka va bilimlarini ish beruvchilar talabiga moslashtirishga undaydi. Ishonchimiz komilki, mazkur chora-tadbirlar tufayli universitetimiz bitiruvchilari nafaqat ish topadi, balki o‘z kasbiy faoliyatida muvaffaqiyat qozonadi, iqtisodiyotimizning har bir sohasida yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Davlatimiz rahbari rektorlar vakolatini kengaytirish va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Endilikda, “Yangi O‘zbekiston” universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi. Moliyalashtirish oliygohlar to‘plagan ballariga qarab amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda band bo‘lmagan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish yo‘nalishlari belgilandi. Masalan, 20 ming nafar bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi, yana 20 ming nafar bitiruvchini 10 mingga yaqin korxonadagi staj talab qilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtirish mumkin. Har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil qilib, ularda tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn, AT xizmatlari orqali 15-20 ming bitiruvchini band qilish topshirildi.
Davlatimiz rahbari uyushmagan yoshlar bilan ishlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Shundan 115 ming nafarining bandligini ta’minlash masalasi vazirlik, viloyat va tuman rahbarlari tomonidan hal qilinmoqda.
52 ming tarbiyasi
og‘ir yoshlar huquq-tartibot xodimlari tomonidan otaliqqa olingani ham natijasini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, qolgan 5,5 ming ishsiz, 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlar va o‘qishdan chetlatilgan 3 ming talaba bilan tizimli ishlab, hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun yordam berish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Rasul To‘rayev,

Termiz davlat muhandislik va agrotexnoligiyalar universiteti rektori, professor

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun