Hukumat qarori (467-son, 26.07.2025-y.) bilan “Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha ishlarni davlat hisobiga olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Nizom yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston hududida amalga oshirilayotgan yer qaʼri uchastkalarini geologik jihatdan oʻrganish ishlari bilan bogʻliq jarayonlarni davlat hisobiga olish tartibini belgilaydi.
Yer qaʼrini davlat tomonidan geologik jihatdan oʻrganish ishlari tizim tashkilotlarining tegishli maʼlumotlarni Yer qaʼridan foydalanish markaziga “Geomonitoring” axborot tizimi orqali buyurtma asosida tegishli maʼlumotlarni kiritish orqali davlat hisobiga olinadi. Markaz buyurtma kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida buyurtmani va unga ilova qilingan maʼlumotlar taqdim etilganligini tekshiradi. Hujjatlar toʻliq taqdim etilgan taqdirda, buyurtmani “Geomonitoring” axborot tizimida tegishli tartib raqam bilan hisobga oladi va tizim tashkilotlarini xabardor qiladi. Yer qaʼridan foydalanuvchilar yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini davlat hisobiga olingani toʻgʻrisidagi xabar olingan kundan boshlab, yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish ishlarini amalga oshirishga asos boʻladi.

