Bugun insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etmoqda. Lekin keyingi asrlarda butun kurrai zaminga keng tarqalgan bir illat bugungi kunda hammamizni tashvishga solib, og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga olib kelmoqda. Bu — giyohvandlikdir.
Mamlakatimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetini shaklantirish, shuningdek, inson salomatligini ta’minlashga oid muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo so‘nggi yillarda yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar paydo bo‘layotgani, ular inson omilisiz internet tarmoqlaridan foydalangan holda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida oson tarqatilayotgani mas’ul davlat tuzilmalarining bu boradagi faoliyatini “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya asosida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taqozo etmoqda.
Aytish kerakki, Prezidentimiznig joriy yil 6-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro, shu jumladan, BMT ekspertlarining xulosa va tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narko jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi. Milliy strategiya doirasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”, kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni iste’mol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, ta’lim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi ta’sirchan targ‘ibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish barcha davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish, saqlash yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ilhom Yarashov,
Viloyat IIB JXX JTSB kinologiya bo‘linmasi 1-KG kichik inspektori-kinologi, safdor