Ayni kunlarda mamlakatimizda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Mirishkor dehqonlarimizning zahmatli mehnatlari evaziga yetishtirilgan g‘allani nest-nobudgarchiliklarsiz yig‘ishtirib olish va yong‘in xavfidan asrash shu kunning dolzarb vazifasidir.
Ammo, mavsum davrida ayrim dehqonlar, fermer xo‘jaliklari raislari va fuqarolar tomonidan qastdan g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborish xolatlar kuzatilmoqda. Aslida g‘allasi o‘rilgan maydonning yoqib yuborilishi o‘sha joydagi barcha tirik organizmlarni nobud qilib, tuproqda bo‘lgan gumus va azotning yo‘qolishi natijasida tuproq unimdorligi kamayadi hamda havoga zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bundan tashqari, atrofdagi o‘rilmagan maydonlarga ham yong‘in o‘tib ketish xavfi ortadi. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi barcha dehqonlar, fermerlar va fuqarolarni ogohlikka chaqiradi. Gʻalladan boʻshagan yer maydonlarini yoqib yuborish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjud.
Yig‘im-terim boshlanishidan oldin, unda ishtirok etadigan barcha shaxslar yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi kerak. Yig‘im-terimga jalb etilgan qishloq xo‘jalik texnikalari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (barcha turdagi kombayn va traktorlar ikkitadan o‘t o‘chirgich, belkurak va supurgi) bilan ta’minlangan hamda soz holatdagi uchqun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Dalalarda gulxan, xas-xashak va ekin qoldiqlarini yoqish taqiqlanadi.
G‘alla maydonlarida (pichan va somon g‘aramlarida) chekish, ochiq olovdan foydalanish, shuningdek, pichan va somon to‘plangan joylarda va ulardan 30 metr dan kam bo‘lgan masofada quruq o‘simliklar, ildiz, xas va ekin qoldiqlarini yoqish taqiqlanadi. Dala shiyponlarida chekishga faqat maxsus belgilangan joylarda texnika (mashinalar) va yonuvchi materiallardan kamida 4 metr masofada ruxsat etiladi.
Traktor, kombayn va boshqa mavsumga jalb etilgan texnika vositalarini saqlash va ularga dala sharoitida yonilg‘i quyish ishlari faqat maxsus ajratilgan maydonlarda yonilg‘i tashish texnikalari orqali ularning dvigatellari o‘chirilgan holda bajarilishi lozim.
Xusan Rustamov,
Termiz shahar FVB boshlig‘i o‘rinbosari,
P va NB boshlig‘i kapitan