Yangi O‘zbekistonda yurtdoshlarimizning erkin va farovon yashashi uchun keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda, davlatning nufuzli idoralarida faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim mansabdor shaxslarning tanish-bilishchilik, moddiy manfaatdorlik ilinjida jinoyat ustida qo‘lga olinayotganligi achinarli hol. Aslida bunday jirkanch ishga qo‘l urayotgan shaxslar davlat tomonidan moddiy jihatdan yetarlicha ta’minlangan bo‘ladi. Biroq, nazari och kimsalar o‘z mehnati evaziga topiladigan halol mablag‘ bilan oilasi daromadlarini oshirish, xavotirsiz yashash o‘rniga harom luqmaga ko‘z tikib, qaysidir qing‘ir ishi evaziga pora olishi oddiy mehnatkash xalqimizning haqli noroziligiga sabab bo‘lishini esdan chiqarmaslik kerak.
Joriy yilning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida ishtirok etgan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini, korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanishini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari nazarda tutgan “halollik vaksinasi” bilan emlash bu barcha davlat tuzilmalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi qaratilgan yetarli tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish, mavjudlarini esa zamon talablari asosida takomillashtirish va unga qat’iy rioya qilish orqali uning oldini olishni, unga qarshi samarali kurashishni anglatadi.
Korrupsiya davlat boshqaruviga, fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchiga va inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun davlat organlari faoliyatini samarali amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat organlari xodimlari va mansabdor shaxslarning ma’naviy qiyofasi, ya’ni ta’lim-tarbiyasi, halolligi, vijdonliligiga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan davlat xizmatiga mazkur talablarga javob beradigan halol hamda pok kadrlarni tanlash ushbu organlar rahbarlarining zimmasidagi birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi.
Shuningdek, aholining davlat hokimiyati organlari xodimlariga bo‘lgan ishonchi nafaqat ularning malakasi va mehnatevarligiga, balki halolligi va pokligiga, ya’ni yuksak ma’naviyatli bo‘lishiga bevosita bog‘liqdir. Mansabdor shaxsning halolligi o‘z vazifalarini vijdonan bajarishida, rostgo‘yligida, nomaqbul harakatlardan o‘zini tiyishida va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi.
Bu illatga qarshi kurashishda, eng avvalo, jamiyatdagi barcha fuqarolar o‘z huquq va burchlarini bilishlari bilan bir qatorda, unga shaxsan rioya qilish hamda boshqalardan ham shuni talab qilish, shuningdek, mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan jamoat nazoratini kuchaytirish lozim.
Ablqosim RUZIQULOV,
Surxondaryo viloyat sudi raisi