UMRI BEIZ O‘TMAYOTIR

Date:

Inson o‘z ishini hayotining mazmuniga aylantirar ekan, faoliyat olib borayotgan sohasida yangi qadamlar tashlashga, tub burilishlar yasashga, el-u xalqqa imkoniyati darajasida naf keltirishga urinadi. Oz bo‘lsa-da xizmati singsa, o‘zini baxtiyor his etadi. Hamma ham ana shunday ilinj va maqsad bilan faoliyat yuritsa, davlatda rivojlanish, sohada o‘sish kuzatiladi.Ayniqsa, yurtimizda insoniylik, ezgu qadriyatlar ulug‘lanayotgan bir paytda amalga oshirilayotgan islohotlar, sa’y-harakatlar negizida inson qadrini ulug‘lash maqsadi eng oliy o‘rinda turadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi aholining ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand qatlamining dardini tinglab, yordam berayotgani, qarovsiz va nogironligi borlarga suyanchiq bo‘layotgani ko‘ngillarga quvonch, qalblarga sevinch ulashmoqda. Bunday xayrli ishlarni bajarish mahallalardagi ijtimoiy xodimlarning hayot mazmuniga aylanib borayotgani har insonning faxr tuyg‘usini oshirayotir.
Kasbi hayotiga mazmun bag‘ishlayotgan Nigora Jumayeva ham viloyatining Qiziriq tumanidagi “Xalqobod” mahallasida ijtimoiy xodim bo‘lib ishlaydi. 4 ming 260 dan ortiq aholi yashaydigan hududda
216 ta oila ijtimoiy himoya milliy reyestriga kiritilgan har bir oila, har bir inson o‘rtaga tashlaydigan masalani o‘z muammosidek his etib yashaydigan, uning yechimini topishga chin dildan intiladigan fidoyi mutaxassis. Mahalladagi katta-yu kichikka, bemor-u sog‘lom insonga birdek mehribon. Shu bois ham bu go‘shada ish boshlagach, ko‘plab insonlarning ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarga oid masalalari tezda yechim topa boshladi. Odamlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘lib bordi.
— Aslida ko‘makka muhtoj insonga yordam berishdan xayrli ish bo‘lmasa kerak, — deydi N.Jumayeva. —Bun-day kishilarning dard-u tashvishini tinglasangiz, hayotga qarashlaringiz o‘zgaradi. Kimgadir suyanchiq bo‘layotganingizga shukrona aytasiz. Buning uchun bizga barcha sharoit yaratib berilgan. Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, nogironligi bor yoki og‘ir kasallikka chalingan insonlarga ko‘maklashayotganimdan, ularning duosini olayotganimdan suyunib ketaman.
Ijtimoiy xodim mahallada ro‘zg‘ori but insonlarni ham, yordamga muhtoj kishilar va betob bo‘lib qolgan odamlarni yaxshi biladi. Har bir oiladan tez-tez xabar olib, dard-u tashvishlarini tinglaydi. Masalan, mahallada yashaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj Salima Mirzayeva og‘ir kasallikka chalinib, shoshilinch jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezib qoldi. Uning ahvolini chuqur o‘rgangan N.Jumayeva davolanish uchun mablag‘ yetishmayotganini ilg‘ab, ko‘makka shoshdi. Jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun moddiy yordam ko‘rsatish yo‘llarini izladi. Yelib, yugurdi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘ar-masidan
15 million so‘m mablag‘ ajratilishiga erishdi.
— Bemorning operatsiyasi 7,5 soat davom etdi, — deydi N.Jumayeva. — Shifokorlarning harakati bilan murakkab bosh miya amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir sog‘-salomat. Oilasi bag‘rida yashamoqda.
Fidoyi xodim Nigora Jumayeva ko‘rsatgan bu safargi ijtimoiy xizmat mahallada bir insonning og‘ir dardni yengishiga sabab bo‘ldi. Mahalladagi ijtimoiy xodim shundan so‘ng: “Bo‘ldi, vazifamni bajardim. Qo‘limdan kelgan yordamni ko‘rsatdim”, degan o‘y-xayollar bilan ayolni unutib yubormadi. Yordam ko‘rsatib, unga dalda bo‘lishda davom etdi. Jumladan, fuqaroga nogironlik guruhi belgilandi. Farzandlari uchun bolalar nafaqasi tayinlandi. Ikki nafar farzandi mahalladagi bepul to‘garaklarga jalb etildi. Yana bir farzandi maktabgacha ta’lim muassasasi navbatiga qo‘yildi. Sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy ro‘yxatiga olindi.
— Mahalladagi ijtimoiy xodimning jonkuyarligi, yelib yugurishlari bilan oyoqqa turdim, — deydi S.Mirzayeva. — Har safar farzandlarimni bag‘rimga olib erkala-yotganimda bizga g‘amxo‘rlik ko‘rsata-yotgan davlatimiz va oilamizdan tinimsiz xabar oladigan Nigoraxonni duo qilaman.
Bunday iliq, samimiy fikrlarni mahallalarda xizmat qilayotgan ijtimoiy xodimlar haqida ko‘plab eshitish mumkin. Ularning ezgulik yo‘lida ko‘rsatayotgan beminnat yordami odamlarning hayotga ishonch tuyg‘usini yanada yuksaltirib, katta-yu kichikning jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlardan rozilik hissini tuyib yashashiga xizmat qilayotgani bilan e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xavfsizlikni ta’minlash muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, turli favqulodda vaziyatlarning...

RUXSATNOMA OLMAY  FOYDALANMANG!

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy sho‘basi, viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati...

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...
KunTun
KunTun