Qurbonlik – Allohga yanada yaqinlashish, Uning roziligini qozonish uchun ibodat (qurbat) maqsadida ma’lum bir vaqtda muayyan shartlarga javob beradigan hayvonlarni qurbonlik niyati bilan so‘yishni anglatadi. Qurbon hayitida ertalab so‘yilgan hayvonga “udhiyya”, hajda so‘yiladigan hayvonga “hadyi”, go‘shti uchun so‘yilgan hayvonga “zabiha” deyiladi.
Kavsar surasida: “Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y”, deyiladi. Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod, iydi qurbon namozi, “jonliq”dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Qurbonlik qilishning vaqti “Iydul adho” – Qurbon hayiti kuni, ya’ni Zulhijja oyining o‘ninchi kunida hayit kunining tongi otishi bilan kiradi va uchinchi hayit kunining quyoshi botishi bilan chiqadi. Qurbonlik esa hayit namozi o‘qib bo‘linganidan keyin so‘yiladi. Agarda iyd (hayit) namozidan oldin qurbonlik so‘ygan bo‘lsa, qurbonligi qabul bo‘lmaydi va yana qaytadan qurbonlik so‘yishga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim namozdan oldin jonliq so‘ygan bo‘lsa, yana qayta so‘ysin”, deganlar.
Iyd namozi o‘qib bo‘linganidan keyin, qurbonlik uchun so‘yiladigan hayvonga ozor berilmasdan so‘yiladigan joyga olib boriladi va qiblaga qaratib, chap tomoni bilan yotqiziladi. Agar qurbonlik qiluvchi qurbonligini bevosita o‘zi so‘ya olsa yaxshi ishdir, mustahabdir. Agar uni o‘zi so‘ya olmasa, boshqa bir kishiga vakolatini berib, so‘ydirsa ham joiz bo‘ladi. Qurbonlik egasining so‘yish paytida u yerda turishi mustahabdir.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish hur, balog‘atga yoshiga yetgan, oqil, muqim va zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Musofirga esa qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar tuya, qoramol, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichil-magani ham qurbonlik qilinsa bo‘laveradi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Yetti kishi birgalashib, bitta tuya yoki qoramolni qurbonlik qiladi.
Qurbonlik qilinadigan jonivorlarni yoshi mol va qo‘toslarda to‘liq ikki yosh, tuya besh yosh, qo‘y va echki bir yoshdir. Agar bulardan bir kun ham kam bo‘lsa, qurbon-
lik qilish joiz bo‘lmaydi. Lekin, bir yoshga kirmagan qo‘yning jussasi bir yosh qo‘y jussasichalik bo‘lsa, ya’ni olti oylik qo‘zi bir yoshlik qo‘y jussasichalik bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘ladi. Lekin, olti oyga to‘lmagan qo‘zini jussasi bir yoshlik qo‘y kabi bo‘lsa, uni qurbonlik qilish joiz bo‘lmaydi. Bir yoshga kirgan qo‘yning jussasi kichik bo‘lsa-yu, lekin bir yoshga to‘lganligi aniq bo‘lsa, qurbonlik qilish joiz bo‘ladi.
Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lish mustahab amallardan. Bir qismini o‘zi ahli oilasi bilan iste’mol qiladi. Yana bir qismini faqir, beva-bechoralarga sadaqa qiladi. Uchinchi qismini qarindosh-urug‘, yor-u birodarlari, qo‘ni-qo‘shnilariga hadya qiladi. Agar u odamning qaramog‘idagilar ko‘p bo‘lsa yoki ehtiyojlari bo‘lsa, qurbonlik go‘shtini hech kimga tarqatmasdan iste’mol qilsa ham joizdir.
Qurbonlik faqat Allohning roziligini qozonish uchun keltirilgani bois uning go‘shtini sotib bo‘lmaganidek, terisini, yungini, ichaklarini, suyaklarini va yog‘ini ham sotish joiz emas. Qurbonlik qilgan kishi xohlasa, uni o‘zi uyida ishlatadi, xohlasa, boshqalarga hadya qiladi. Agar ularni sotib qo‘ygan bo‘lsa, pulini sadaqa qiladi.
Qurbonlikni so‘ygan kishiga xizmat haqi sifatida qurbonlikning go‘shti yoki terisi berilmaydi. Bunga dalil shuki, Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga u zotning qurbonliklariga qarashimni, go‘shtlari, terilari va jabduqlarini sadaqa qilishimni va u narsalardan qassobga bermasligimni amr qildilar. Unga biz o‘zimiz beramiz”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Qurbonlikni so‘ygan kishiga xizmat haqi sifatida pul berilganidan keyin, qurbonlikning go‘shti yoki terisini hadya sifatida bersa, joiz bo‘ladi.
So‘yish jarayoni tugagandan so‘ng atrof-muhitni yaxshilab tozalash, hayvondan qolgan bo‘laklarini tuproqqa chuqur ko‘mib tashlash kerak va iloji boricha, uning hech bir bo‘lagini tashqarida qoldirilmasligi kerak. Bu, ayniqsa, so‘yilgan qurbonlik qilingan hayvonga va atrofdagi kishilarga nisbatan hurmat belgisidir.
Qurbonlik qilishning nafaqat oxiratda, balki shu dunyoda ham bir qancha manfaatlari bor. Yaqin qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, qiynalgan va muhtoj oilalarga qurbonlik qilib tarqatish o‘zaro mehr-oqibatni kuchaytirib, ijtimoiy aloqalarning yanada yaxshilanishiga olib keladi. Alloh taoloning ilohiy hikmat asosida amr qilingan bu ishi zamirida jamiyatdagi insonlarning bir-biriga bo‘lgan hurmat-e’tibori yotadi. Bunday ishlarni davomli tarzda qilish insonni yaxshilikka yetaklaydi.
Olim Jo‘rayev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ARM bo‘lim boshlig‘i