Muammomi, imkoniyat?

Date:

Ko‘pchilik uchun chiqindi — keraksiz va tashlab yuboriladigan narsa. Ammo, boshqalar uchun — bu ish, biznes, hayot tarzi va hattoki daromad manbayidir. Bugun dunyoda “chiqindi iqtisodiyoti” degan tushuncha barqaror ravishda shakllanmoqda. Shunday odamlar borki, chiqindini qayta ishlab, nafaqat o‘z hayotini o‘zgartiryapti, balki atrof-muhitni ham saqlab qolishga hissa qo‘shmoqda.

Denov tumanida so‘nggi yillarda mahalliy aholi chiqindilarni qayta ishlash orqali o‘z daromadlarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Ana shunday tashabbuskor tadbirkorlardan biri — “Abdulfayz-Farovon-Denov” MChJ rahbari Nuriddin Jumayevdir.

Tadbirkor chiqindini qayta ishlash orqali nafaqat daromad topish, balki jamiyatga manfaat keltirish mumkinligini amalda isbotlab bermoqda.

“Biz mahalliy aholidan yig‘ganplastik, metall va qog‘oz chiqindilarini qayta ishlab, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlaymiz. Bu nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga, balki ko‘plab ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda chiqindilarni qayta ishlab plyonkali paket, haltacha, hojatxona qog‘ozi, rezina shlanglar ishlab chiqarmoqdamiz,” — deydi u.

Korxonada doimiy ishchi kuchining shakllanishi bilan birga, aholida chiqindini to‘g‘ri saralash madaniyati ham shakllanmoqda. Odamlar endi “tashlash” o‘rniga “tashish” va “tasarruf qilish” haqida o‘ylashmoqda.

Jarqo’rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy, Uzun, Sariosiyo va Denov tumanlaridan qayta ishlash uchun chiqindilar olinmoqda. Bir kunda qariyb 30 tonnadan ortiq chiqindi qayta ishlab chiqariladi.

Nuriddin Jumayev rahbarligidagi korxonada hozirgi kunda 40 nafar doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Ular orasida yoshlar, xotin-qizlar ham bor. Bu ish o‘rinlari nafaqat ularning hayotini yaxshilamoqda, balki ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda ham xizmat qilmoqda.

“Bizda ishlaydigan har bir inson faqat ish bilan band emas, balki tabiatni asrash yo‘lida ham faol ishtirokchi hisoblanadi,” — deydi Nuriddin Jumayev faxr bilan.

Korxona kelajakda ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportga chiqish va yangi turdagi qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, ular chiqindini raqamlashtirish, ya’ni raqamli texnologiyalar yordamida yig‘ish va nazorat qilish tizimini joriy etish ustida ham ish olib bormoqdalar.

Denov tumanidagi bunday tashabbuslar “chiqindi” tushunchasini o‘zgartiryapti. Endi chiqindi — faqat muammo emas, balki imkoniyat, resurs, iqtisodiy boylik sifatida ko‘rila boshlandi. Nuriddin Jumayev kabi tashabbuskorlar ko‘payaversa, chiqindi iqtisodiyoti shakllanishi va bu orqali ekologik muammolar yechim topishi mumkin.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Mebeli bambukdan

Sho‘rchi tumanidagi “Best Faxr Mebel” korxonasi ishga tushdi. Korxonada...

G‘ALABAGA HALOL YO‘L BILAN

Qoraqolpog‘iston Respublikasining Nukus shahri kurash ishqibozlarini chorladi. Yuragida o‘ti,...

Futbol akademiyasi qurilmoqda

Futbolda yurtimizda yangi sahifa ochildi. Bu esa futbol ishqibozlarini...

G‘oliblar finalga chiqadi

Yoshlarning bilim va iqtidorini sinovdan o‘tkazish maqsadida tez-tez “Zakovat”...
KunTun
KunTun