Milliy taomlarsiz esa Navro‘z bayramini tasavvur eta olmaymiz. Biz bilgan va bilmagan taomlar qancha. Tanimizni kuchga to‘ldirib, immun tizimimizni mustahkamlovchi darmondori yanglig‘ ta’sir etuvchi taomlarimiz tanavulidan so‘ng hech qanday kasallik bizga yo‘lay olmasligi haqiqat. Shundan keyin esa dori va qo‘shimchalarga hojat qolmaydi. Afsuski, ana shunday taomlarni bugun tayyorlashni unutganmiz. Bugungi sayil esa yuzga yaqin milliy taomlarimizni eslatish bilan birga, uni tatib ko‘rishga ham sharoit yaratdi.
Har bir taomning o‘z tayyorlanish tarixi, foydali jihatlari bor. Kayvoni onaxonlar esa sumalakdan tortib, tandir kabobgacha, ko‘k somsa, ko‘k manti, chuchvaradan tortib, xalvoytar, go‘ja kabi qatorini sanasangiz ado bo‘lmaydigan taomlar sonini sanab, ta’rifini berishganida aqlingiz shoshib qolishi aniq. E’tiborimizni tortgani esa cho‘poncha tayyorlash jarayoni bo‘ldi.
O‘choqda olovni qalab, qozonni qizdirgan oshpaz amaki qo‘y go‘shtidan ayamasdan solib, qizigan yog‘da jizg‘anak qilib qovurayotir. Tamini qo‘yaturing, taomning hidiyoq, ishtahangizni qitiqlab, tatib ko‘rish istagi ila ko‘plar qatori jarayonni kuzatishga kirishdik. Buni qarangki, oshpaz amaki nafaqat cho‘poncha pishirishga, balki gap-so‘zga ham usta ekan. Cho‘poncha tayyorlash tarixidan tortib, mazali qilib pishirish sirlarini ham oshkor qilmoqda.

Bilib olganlarimizni aytadigan bo‘lsak, cho‘poncha kabob deganda odatda kabobning bironta turini tushunishingiz aniq, aslida esa go‘sht bilan kartoshkaning yog‘da qovurilgan shaklidir. Ushbu taomni dastlab cho‘ponlar tomonidan tayyorlagan, shuning uchun taomning nomi ham “cho‘poncha kabob” nomi bilan atalgan.
Cho‘poncha taomi qo‘y go‘shtidan tayyorlanadi. Qadimda cho‘ponlar qo‘ylarni so‘yib, go‘shti bo‘laklarga bo‘lingan, qovurg‘asini bo‘lma,y yirik yirik shaklda qovurib yeyishgan. Shuning uchun ham, bu taom cho‘poncha deyiladi va hozir ham qo‘yning qovurg‘asi bo‘linmay qoviriladi. Bu taomning yana bir afzalligi tez va oson tayyorlanishidir.
Qiziqarli va foydali ma’lumotlarni tinglab, cho‘poncha taomi qanday tayyorlanganini ham sezmay qolibmiz, oshpaz amakining taklifi bilan taomni tatib, mazasiga tahsinlar o‘qib, sayil bo‘ylab sayohatimizni davom ettirdik.