Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan yurtimiz bo‘ylab qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘polang suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘i tortish bo‘yicha ko‘rsatmalariga muvofiq, viloyatning 11 ta tumanida tizimli ravishda amaliy ishlar olib borilib, juda murakkab loyiha asosida, dastavval To‘polang suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari qurildi. Bugungi kunda yurtimizning janubiy sarhadlaridagi olis tumanlar aholisiga obihayot manbai yetkazib berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Surxondaryodagi aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan obyektlarga tashrif buyurdi.
Bosh vazirga Surxondaryo viloyati hokimi U. Qosimov, Qurilish va uy-joy kommunal xojaligi vaziri Sh. Hidoyatov, Transport vaziri I. Mahkamov, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov va boshqa masʼul mutasaddilar hamrohlik qildilar. Dastlab, Bosh vazir To‘polang suv omboridan ichimlik suvi tarmog‘ini tortish loyihasi doirasida Sariosiyo tumanida foydalanishga topshirilgan bosh suv tozalash inshooti obyektiga tashrif buyurdi. Bosh vazir inshootdagi zamonaviy texnologiyalar hamda suv tozalash jarayonlari, avtomatlashtirilgan ilg‘or texnologik jihozlar, onlayn boshqarish tizimi, tumanlarda barpo etilgan rezervuarlar maʼlumotlari bilan yaqindan tanishdi.
To‘polang suv omboridan olingan suv avval asosiy inshootga quyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. Loyihaga ko‘ra, To‘polang suv ombori tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 382 kilometr quvur tortiladi. Har bir tumanning rejalashtirilgan manzilida hajmi 1 ming, 10 ming va 20 ming kub metrdan iborat suv yig‘ish rezervuarlari barpo etiladi.
To‘polang daryosidan keladigan suv, avvalo, suv tozalash inshootiga quyiladi. Bunda, avtomatlashtirilgan tizim orqali bir necha jarayonda filtrlanadi, xlorlanadi, tindiriladi, qum va cho‘kindilardan tozalanadi. So‘ngra magistral quvurlarga taqsimlanadi.
Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.
Mazkur yirik loyihaning asosiy maqsad – viloyat aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, kommunal turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida fuqarolar salomatligini mustahkamlashdan iborat.
Bosh vazir tashrif buyurgan navbatdagi obyekt – Zarchob-3 GES qurilish obyekti bo‘ldi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi A. Sanginov tomonidan Zarchob-3 GES loyihasi doirasidagi qurilish jarayonlari borasida qisqacha axborot berildi.
Bugungi kunda “Surxondaryo viloyati To‘polang daryosida Zarchob-3 GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 16 MVt quvvatga teng Zarchob-3 GES qurilishi jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, ushbu qurilayotgan GES To‘polang daryosi bo‘yida qad rostlayotgan yirik loyihaning uzviy davomi bo‘lib, bir daryo o‘zanidan “zanjir ketma-ketligi” asosida qayta-qayta elektr energiya olishni anglatadi. Mazkur istiqbolli loyiha foydalanishga topshirilgandan so‘ng, yiliga o‘rtacha qariyb 70 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Bosh vazir Surxondaryoda
Date: