Ona… Bu so‘zning o‘zida shunday sehr borki, u har qanday ko‘ngilni titratadi, har qanday yurakni iliqlik bilan to‘ldiradi. Uning siymosi quyosh kabi hamisha nur sochib, yo‘llarimizni yoritadi. Duolari esa hayotning olis va mushkul yo‘llarida adashishdan asraydi.
Ona yuragi — cheksiz daryo. Tong sahardan kechgacha tinmay harakat qiladigan onaning qo‘llari charchasa ham, yuragi hech qachon toliqmaydi. Mehr to‘la nigohi boqishi bilan dardlaring oshkor bo‘ladi. Xatolaring kechiriladi va har doim duolari bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Umringning mashaqqatli damlarida uning mehribon nigohi eng katta tasalli, iliq qo‘llari esa eng katta madaddir.
Ona — nafaqat hayotimizni tuhfa etgan zot, balki u bizning eng yaqin do‘stimiz, sirdoshimiz, hayot yo‘lida eng ishonchli yo‘ldoshimizdir. U bizga faqatgina hayot bermaydi, qanday yashashni o‘rgatadi.
Ona sevgisi uchun hech qanday mukofot kutmaydi, muhabbati sof va beg‘araz. U farzandining quvonchini ko‘rib, quvonadi, dardiga sherik bo‘ladi. Biroq inson onasining qadrini ko‘pincha kech tushunadi. Vaqt o‘tib, hayot sinovlari oldida turganimizda, onaning iliq qo‘llari va samimiy so‘zlari naqadar muhim bo‘lganini anglaymiz. Sochlariga oralagan oq, yuzlariga tushgan anjinlarga boqqanimizda, go‘yo onalarimizga nisbatan qilgan nohaqliklarimizning ifodasini ko‘rgandek bo‘lamiz. Uning oldida qancha qarzimiz bo‘lsa, shuncha hurmat va mehr bilan javob qayarishimiz kerak. Qalbini og‘ritmaslik, duosini olish va mehr ko‘rsatish har bir farzandning muqaddas burchidir.
Azizlar! Onangizni qadrlang, mehri va duolari umr yo‘lingizni yoritib turadigan eng yorqin va topilmas nurdir! Meni bu yorug‘ olamni ko‘rishimga sababchi bo‘lgan volidayi muhtaramam, doimo omon bo‘ling!
Marjona ABDURAXMATOVA,
TerDU talabasi