Jahon tajribasini qo‘llagan holda shaharlarimizda ko‘plab “city”larning qad rostlayotgani, osmono‘par binolarning o‘zida yashash, ishlash, bozor-o‘char qilish, sport bilan shug‘ullanish mumkinligi, xullas, barcha imkoniyat va xizmatlarning badastir etilayotganini eng muhim jihat deyish mumkin.
Termiz shahri aholisi uchun ana shunday qulaylik va imkoniyatlarni yaratishga bel bog‘langani, bu borada katta qurilish va bunyodkorlik ishlarining boshlanganini eshitish quloqqa xush yoqadi. Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining tashabbusi hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan e’tibori natijasida aholini munosib turmush sharoiti va turar joylar bilan ta’minlash bo‘yicha shahrimizda yirik loyihalar amalga oshirilayotir. Eng katta loyihalardan biri qisqa fursatda barpo etilishi kutilayotgan 800 xonadonli turar joy majmuasidir. Ushbu loyiha doirasida 80 ta savdo do‘koni va 300 ta avtomobil sig‘imiga ega turargoh quriladi. Raqamlar va ma’lumotlarning o‘zi majmuaning salobati tasavvurimizda gavdalantirib yuboradi. Kim ham ana shunday kompleksda o‘z xonadoni yoki savdo do‘koni bo‘lishini istamaydi deysiz. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov “TXT Group” MCHJ tomonidan bunyod etilishi rejalashtirilgan mazkur turar joy kompleksi qurilishiga rasman start berdi. Rejadagi turar joylar va boshqa inshootlar bilan tanishib, qurilish ishlarini sifatli va belgi-langan norma-larga muvofiq amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.Jumla-dan, “Tuproqqo‘rg‘on” mahallasida “ERIEL” xususiy korxonasi tomonidan qurilayotgan “Hilton” mehmonxonasi, konferensiyalar zali va savdo komplekslari loyihasi ko‘zdan kechirildi. Aytish joiz, har bir loyiha muhim, shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Bundan tashqari, har bir tashabbus va loyihaning iqtisodiy tomonlari ham anchayin sarmoyador. Shunday ekan, loyihalarni tezkorlik bilan hamda sifatli yakunlash shart. Afsuski, mehmonxonaning qurilish ishlari sust ketayotir. Viloyat rahbari ushbu jihatni tanqid ostiga olib, ish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, mutasaddilar shahar mahallalarida olib borilayotgan qurilish ishlari yuzasidan axborot berdi. Xususan, shahrimizning “Saxovat”, “Manguzar” va “Bog‘ishamol” mahallalari, Islom Karimov va At-Termiziy ko‘chalarida renovatsion hamda yangi qurilish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p, loyihalar esa talaygina, belgilangan muddatda ishlar udda qilinsa, shahrimiz yanada chiroy ochishi, tanib bo‘lmas darajada o‘zgarishi turgan gap. Shunchaki shahar bo‘ylab piyoda kezib, “city”lardan zavq olish ham kishida ajoyib taassurot qoldiradi.