Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejasida tashkil etilishi belgilangan zamonaviy karyera markazi talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtida mustaqil ta’lim olishi, hunar o‘rganishi, o‘z bilimi, qobiliyat va iqtidorini tijoratlashtirish imkoniyatini yaratadi. Buning uchun pazandachilik, tikuvchilik-bichuvchilik sexlari, erkaklar sartaroshxonasi, go‘zallik saloni, amaliy san’at to‘garagi, koreys, yapon, xitoy, nemis, turk, ingliz, italyan va rus tillarini o‘rgatuvchi o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur kasb va tillarni o‘rganuvchilarga o‘z sohasining tajribali mutaxassislari saboq beradi.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi mablag‘i evaziga qad rostlagan ikki qavatli binoda ilmiy g‘oya va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlovchi Biznes – inkubator ham tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha startap hamda innovatsion loyihalar moliyalashtirishga tayyorlanmoqda. Ayni paytda institutda 1 ta innovatsion, 3 ta startap loyiha moliyalashtirilgan. Hozir davlat ilmiy loyihalar tanloviga 5 ta amaliy, 2 ta startap loyiha taqdim etilgan. Qurilish muhandisligi, iqtisodiyot, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, kimyo texnologiyasi, oziq-ovqat texnologiyasi kabi ta’lim yo‘nalishi talabalarining ilmiy g‘oya va takliflari mahalliy ish beruvchilar, hokimiyatlar bilan muhokama etilib, moliyalashtirilishi kutilmoqda.
Markaz faoliyatini institutning marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi muvofiqlashtirib boradi. Bu yerda ish beruvchilar, aholi bandligini ta’minlashga mas’ul tashkilotlar bilan uchrashuvlar tashkil etib borish ham rejalashtirilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, vohadagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, institut bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan tashkilot, muassasalar vakillari markazda bo‘lib, talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Institut o‘qituvchilari va talabalari amalga oshirayotgan innovatsion ishlanmalar, startapdagi istiqbolli loyihalar ko‘zdan kechirildi. 400 o‘rinli davlat sheriklik asosidagi yangi yotoqxona qurilishiga start berildi.
Karyera markazi ish boshladi
Date: