Ko‘prik

Date:

Muhsin ota juma namozidan kech qoldi, borolmadi. O‘zini koyiy-koyiy, ibodatni uyida ado etdi. “Hamma balo yo‘lning teskariligida! – o‘yladi u. – Ana masjid, shundoq ko‘rinib turibdi. Ko‘prik borligida bir qadamgina edi!”
Cholning kuyunganicha bor. Katta yo‘l bilan ularning mahallasini o‘rtadagi zovur to‘sib turadi. Ilgaridan qolgan bir osma ko‘prik bor edi, yoshini yashab, uzilib yo‘q bo‘ldi. Shundan beri odamlar ovorayi sarson. Bozorgayam, markazgayam zovurni aylanib o‘tib, ulovga chiqishadi. Bolalarning maktabga qatnashi ham qiyinlashdi.
Shu kuni otaga g‘oyibdan g‘ayrat keldi. Do‘ppisini yoniga qo‘yib o‘yladi: “Ko‘prik qurish shunchalik qiyinmi? O‘zi qursachi? Ikkita pahlavon o‘g‘li bor, el-yurt ham qarab turmas. Odamlarning qancha og‘iri yengil bo‘lardi! Axir, tiriklik bir umr o‘z o‘chog‘iga qo‘r tortib yashash degani emas-ku?”
Qariyaning ahdiga birov ishondi, birov ishonmadi. Bolalari “Shunchalik zarurmi?” deyishgandi, siltab berdi:
– Senlar shunaqasan! Senlarga hamma narsa tayyor bo‘lsa!
– Ja-a unchalikmas, dada. Buning boshqa yo‘llari ham bor-ku, mahallaga ariza yozib…
– Bas! – cho‘rt kesdi ota. – Men arz-dod qilib yuradiganlardan emasman. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Avval boshlab, keyin kam-ko‘stiga yordam so‘rasak, boshqa gap.
Kampiri tushmagur sergapgina-da, jim turolmadi. Ammo bir og‘izgina “hay, otasi…” dedi-yu, aytari tilining uchida qoldi. Muhsin ota unga shunday qaradiki, qarshisida yetmish dovon oshib, hilvirab qolgan chol emas, miqti vujudiga shahdi sig‘mayotgan er kishi turardi. “Bo‘pti”, dedi shashtidan qaytib va sekingina qistirib qo‘ydi:
– Judayam urinvormang-da…
Xullas, hashar boshlandi. Mayda-chuyda taxta-yu g‘o‘lalar o‘zidan chiqdi. Muhsin ota eskitdan bog‘ parvarishlaydi, shox-shabba serob. Faqat quvur topish oson kechmadi. Shu yeriga kelganda mahalla yig‘ini ham qo‘zg‘aldi. Fermer qo‘shnisi ulovdan qo‘llab yubordi. Uch kun chumoliday mehnat qilishdi. Hazilakam ish bo‘lmadi, o‘ziyam. Avvalgi eplama ko‘prik o‘rnida mashina ham bemalol yuradigan binoyidek yo‘l barpo qilindi. Yog‘inli kunlarda loy bo‘lmasligi uchun ustidan mayin shag‘al ham to‘kib qo‘yishdi.
Ish bitgach, chol hasharchilarni alqab-alqab duo qildi. Jamoat mamnun tarqaldi. Faqat Muhsin ota ko‘prik ustida uzoq qolib ketdi. Changga belangan kalishi bilan ko‘prikning u yer-bu yerini nuqib-nuqib bosib, o‘zicha tekshirib ko‘rdi. “Hali to‘ylar qilamiz, bu yo‘ldan guras-guras odamlar o‘tadi”, deb o‘yladi va ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi…
…Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, qishloqda Muhsin ota qazo qilibdi, degan xabar tarqaldi. Bu gap uzoq-uzoqlarga, qariyaning qadami tegmagan joylargacha yetib bordi.
– Kim o‘tibdi?
– Ko‘prik qurgan odam.
– Iye, ketdik bo‘lmasa!
Yangi ko‘prik ustidan guras-guras odam o‘tdi.
– Yaxshi odam edi, Alloh rahmat qilsin, – deyishdi uni umrida biron marta ko‘rmaganlar ham…

G.Asronova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘zbekistonda dron ishlab chiqariladi

O‘zbekiston delegatsiyasining Malayziyaga xizmat safari davomida hamkor davlat bilan...

“Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot”...

O‘zbekiston—Rossiya: yangi mexanizm joriy etiladi

Rossiyada vaqtincha mehnat qilish istagidagi fuqarolar uchun O‘zbekistonda maxsus...

3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari uchun imtiyoz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash...
KunTun
KunTun