Qishloq xo‘jaligi vazirining Surxondaryodagi tashrif dasturiga muvofiq, Denov tumani hokimligida viloyatning klaster, fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda soha mutasaddilari uchun seminar-trening tashkil etildi. Joriy yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot namoyishi bilan boshlangan treningda yangi agrotexnologiya va yangi usullarni qo‘llash, dala chetlaridan unumli foydalanish, ariq va zovurlarni betonlashtirish, daraxt shoxlarini butlash orqali yuqori samaraga erishish masalalariga e’tibor qaratildi.
Albatta, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy dehqonchilik uslubini zamonaviy ilmiy qarashlar va ilmiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan holda hosildorlikda yuqori natijalarga erishish o‘z qo‘limizda. Buni to‘g‘ri anglash kerak. Ammo shunga yarasha ilmga asoslangan holda vijdonan mehnat qilinmasa, ulardan ham yuqori hosil kutish amri-mahol. Ana shu jihatga e’tibor qaratish, ishni tashkil qilishda avvalambor hudud ob-havo, tuproq, suv imkoniyatlariga alohida yondashish darkor. Taqdimotda bunga alohida to‘xtalgan vazir joriy yil 875,5 ming gektarga paxta ekish ko‘zda tutilgani, mana shu yerlardan yuqori hosil olish uchun esa zamonaviy yondashuv hamda yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali mehnat qilish bugungi davr taqozosi ekanligiga urg‘u berdi.
Paxtachilikda yuqori samaraga erishish bugun mana shunday qator omillarga bog‘liq ekani hech kimga sir emas. Buning uchun biz astoydil harakat qilish kerak. Vazir ayni jihatga e’tibor qaratar ekan, yangilikka intilgan holda har bir mas’ul joriy yilda urug‘larni 76/10 sxemada plyonka ostiga ekish va ularni tomchilatib sug‘orish orqali mahsulot yetishtirishi ayni muddao ekanini ta’kidladi.
Seminar-treningdan so‘ng, shu yerda fermer va klaster xo‘jaliklari vakillari uchun sayyor qabul tashkil etildi. Unda, fermerlar va dehqonlarning huquqlarini himoya qilish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
Seminar-trening ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlandi
Date: