O‘zbekiston o‘zining dinga munosabatini aniq va qat’iy belgilab olgan. Zero, davlatning dinga munosabati “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik — dahriylik emas” degan aniq tamoyillar asosida belgilandi. Bu tamoyil bosh qomusimiz Konstitutsiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘zining huquqiy ifodasini topgan.Diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, faoliyat borasida bir xil huquqqa egadirlar. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir. Ayniqsa, respublikamizda mavjud dinlar orasida islomning mavqei nihoyatda katta. Xususan, hozirgi kunda O‘zbekiston aholisi 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94 foizidan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi. Shu bois, islom dini davlatimiz tub xalqlarining tarixiga, o‘tmish merosiga, madaniyatiga, ruhiyatiga chuqur singib ketgan. Bugungi kunda dinga bo‘lgan qiziqishning kuchayib borishi globallashuv jarayonlarining o‘ziga xos in’ikosi deyish mumkin. Globallashuv dunyoni bir butun va yaxlit qila borishi bilan bir qatorda, uning hosilasi sifatida alohida olingan millat va jamiyatlar darajasida o‘z-o‘zini anglashga bo‘lgan intilishning chuqurlashuviga ham zamin yaratmoqda.Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.
Bobir XRATOV,
IIB viloyat Transportda XTB xodimi, mayor