Bir soatda ulg‘aygan bola

Date:

O‘n uch yoshlarda edim. O‘rta maktabga borardim. Otamning vafotiga ikki yil bo‘lgandi. Qashshoqlashib qolgandik. Onam tikuvchilik qilardi, arang kunimizni ko‘rardik. Katta uyning ikki xonasida yashardik. Kitoblarim yetarli emas edi. Maktab portfelim ham yo‘q edi hatto.
Bayram yaqin edi. Onam amal-taqal qilib menga bir poyabzal oldi. Shim va ko‘ylak tikdi. Ertalab barvaqt uyg‘onib, kiyindim. Bir kun oldindan kelishgandik, men ikki o‘rtog‘im bilan birga saylgohiga bormoqchi edik. Otli arg‘imchoqlarga, ijara velosipedlarga minib sayr qilamiz, degandik. Paxta qandchidan shirinlik olib yemoqchi edik. Kinoga ham tushadigan edik. Onamdan pul so‘radim.
— Pulimiz yo‘q, bolajonim, — dedi onam ma’yuslanib.
Men xarxasha qila boshladim. O‘rtoqlarim ham hali zamon chaqirib kelishadi. Ularga nima deyman? Pulimiz yo‘qligi uchun saylga borolmasligimni qanday aytaman? Alamdan ustimdagi kiyimlarni yechib devorga qaratib ota boshladim.
Onam g‘amgin nigohlarini menga tikib, uzoq termulib o‘tirdi. Javondan sumkasini olib, pul qidirdi. Izlab izlab bir lira topoldi. Boyaqish onamning faqatgina bir lirasi qolgandi, bor-yo‘q puli shu edi. Bisotidagi bir lirani menga uzatdi.
— Qani, kiyina qolgin, bolam, bir lira yetadimi? U kezlarda bir lira katta pul edi. To‘rt tarafga irg‘itgan kiyimlarim va poyabzalimni oldim. Yana kiyindim. Pulni cho‘ntagimga qo‘yib, o‘rtoqlarimni kuta boshladim. Nihoyat ular kelishdi. Biroz o‘tirishdi. Onam ularga qand berdilar, ikkovini ham boshini siladi.
— Endi bora qolinglar, mazza qilib o‘ynab kelinglar, – deb bizni kuzatib qo‘ydi. Ko‘chaga chiqdik. Juda xursand edim, quvonchdan yuragim hapriqib ketayotgandi. Burilishdan katta ko‘chaga qayrilayotganda, uyimiz tomonga ko‘zim tushdi. Onam balkondan oyoq uchida turib, menga jilmayib qo‘l siltayotgandi. Birdaniga ichimdan bo‘g‘iq o‘kirik kelib, tomog‘im achishdi. Ko‘zlarimga yosh to‘ldi. Bo‘g‘ilib qoldim. Yig‘laganimni bildirmaslikka urinib, o‘rtoqlarimga “Men bormayman” dedim. Sababini tushunishmadi.
Bir o‘rtog‘im:
— Ha, bildim, puling yo‘qligi uchun bormaysan! — dedi masxaraomuz. Cho‘ntagimdan bir lirani chiqarib ko‘rsatdim:
— Mana, pulim bor!
Ular o‘sha yerda meni qoldirib ketishdi.
Ko‘chalarda sarsari kezdim. Hech kimga bildirmasdan, to‘yib-to‘yib yig‘ladim. Ko‘z yoshlarimni sidirdim, qo‘limdan kelgunicha quvnoq ko‘rinishga urinib, uyga qaytdim. Onam:
— Nega qaytding? — deya so‘radi.
“Borgim kelmadi” dedim va cho‘ntagimdan bir lirani chiqarib, onamga uzatdim. Onaginam hayron bo‘ldi. Pulni qo‘limdan olib, stol ustiga qo‘ydi. So‘ng meni quchib, ko‘ksiga bosdi. Ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Men endi yig‘lamasdim. Tashqarida to‘yib-to‘yib yig‘lab olgandim. Onamning yuzlaridan o‘pdim. Ko‘z yosh to‘kmasligini aytdim. Indamadi. Uzoq o‘yga toldi.
Men endi g‘amgin emasdim. Saylgohga borish menday kap-katta bolaga, o‘rta maktab o‘quvchisiga yarashmasdi. Men birdaniga ulg‘ayib qolgandim…

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Loyihalar qog‘ozdan hayotga ko‘chmoqda

Bugun shahrimiz tobora chiroy ochib, yangidan yangi binolar qad...

Ekologik barqarorlikni ta’minlab

Ayni qish faslida ham bahor nafasi ufurib turgan kunlarda...

Ayrim tashkilotlarning ishtiroki cheklandi

Oliy Majlis Senati Kengashining 2025-yil 13-yanvardagi KQ-V-34-sonli qaroriga asosan...

Ijtimoiy va iqtisodiy holat yaxshilanmoqda

Hududlarda og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan...
KunTun
KunTun