E’TIBOR, JONBOZLIK VA MAS’ULIYAT HISSI BARCHAMIZDA SHAKLLANSA…

Date:

Shahrimizda qandaydir savo nuqtasi, tamaddixona yoki ko‘ngilochar manzil faoliyat ko‘rsatishni boshlasa, birinchilardan bo‘lib, u yerga borishni istaymiz. Ko‘pdan qolmaymiz-ku axir. Xuddi shunday hayvonot bog‘i yangidan rekonstruksiya qilinganida, u yerga kelguvchilarning soni ortgan bo‘lsa, bir muddat o‘tib, yana tomoshabinlar soni siyraklashgani rost. Demak, marketingni ishga solish, targ‘ibotni kuchaytirish lozim. Kuchaytirganda ham sabablar asosli bo‘lsa, reklama ish beradi.
Odamlar tashrif buyurishi uchun sherni bolalashini kutib o‘tirib bo‘lmaydi-ku?! Balki hayvonot bog‘ida moddiy-texnikani yanada yaxshilash, yangidan yangi tur va zotlarni olib kelish kerakdir. Qo‘shimcha sifatida aytishimiz mumkinki, 1934-yilda tashkil etilgan hayvonot bog‘ida hozirda 105 turdagi 509 bosh noyob hayvon va qushlar mavjud. Ana shunday muhim qarorga kelish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Termiz hayvonot bog‘i” faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Kelgusida bog‘ni yanada rivojlantirish, 50 bosh yangi noyob turdagi hayvon va qushlarni xarid qilish, shuningdek, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash rejalari muhokama qilindi.
Albatta, viloyatimizning barcha jabhada rivojlanishi, gullab-yashnashi uchun viloyat rahbari boshliq tashkilot va idoralar, jumladan, voha ahli-da, birdamlikda, hamjihatlikda harakat qilayotir. Qo‘lni-qo‘lga berib qilingan harakat esa joylarda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatayotgani har birimizni ruhlantiradi. Bunyodkorlikka, yaratuvchanlikka boshlaydi. Kimdir obodlik uchun yerga urug‘ qadayotgan, ko‘chalarni tozalayotgan bo‘lsa, ishonchimiz komilki, atrofdagilar jim qarab turmaydi, e’tiborsiz o‘tmaydi. Darrov qarashishga, yordamga oshiqishadi. Termiz shahridagi qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, to‘siqlarsiz muhit yaratish va ekologiya sohasidagi o‘zgarishlar esa ayni harakatlarimizning natijasidir. Viloyat rahbari ushbu loyihalar bilan tanishish maqsadida qator obyektlarga tashrif buyurdi.
Avtomobil yo‘llari boshqarmasi binosida viloyatda yo‘l xo‘jaligi va suv ta’minoti sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shu bilan birga, Alpomish mahallasida bosh rejaga asosan amalga oshiriladigan loyihalar va namunaviy binolar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Aytish kerakki, aholi xavfsizligi muhim jihat. Bu borada aloqador tashkilotlar va ularning xodimlari tinim bilmay mehnat-u harakatda. Xavfsizlik ta’minlanar ekan, odamlar xotirjam uyquga ketadi, osoyishta yashar ekanmiz, kunimiz nurafshon o‘tadi. Boshqa yumushlarga e’tibor qaratamiz, ishimiz bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Tashabbus ko‘rsatamiz, yangi loyihalar ustida bosh qotiramiz. O‘zimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochamiz. Mana shunday yashash bizni ilhomlantiradi. Viloyat hokimi aholiga ana shunday sharoitni yaratish maqsadida tashrif davomida viloyat rahbari Ichki ishlar boshqarmasi “Situatsion markazi” faoliyatini ham o‘rgandi. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va tezkor boshqaruv tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi.
Ha, bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalar viloyat rahbarining diqqat markazida. Bunday e’tibor, jonbozlik va mas’uliyat hissi barchamizda shakllansa, viloyatimiz obod bo‘ladi, har jihatdan rivojlanadi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ichki turizm yarmarkasi” tashkil qilindi

Ichki turizmni rivojlantirish, mavjud turizm obyektlariga aholining e’tiborini jalb...

Hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi

Yurtimiz dunyoning rivojlangan davlatlari bilan xalqaro savdo va iqtisodiy...

Urinish besamar ketmadi

Sportning turlari ko‘p. Har bir sport turi esa alohida...

TerDUda Navro‘z shukuhi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari qizg‘in tus olgan ayni kunlarda...
KunTun
KunTun