Yo‘llar yoritiladigan navbatchi mavuga aylanib qolgan. Yo‘llarimiz ravon va jahon standartlariga moslashtirilishi uchun yo‘lsozlarimiz tomonidan yozni yoz, qishni qish demay mehnat qilishayotgani e’tiborga molik ish, albatta. Axir biz kezayotgan, uzog‘imizni yaqin qilayotgan yo‘llarning doimo soz va tekis bo‘lishi oson ish emas. Bu mablag‘ bilan bir qatorda mashaqqatli mehnatni ham talab etadi. Soha mehnatkashlarining ishi hamda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun Surxondaryo viloyatidagi yo‘l qurilishi obyektlariga press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etdi.Markaziy va mahalliy jurnalistlar ishtirok etgan press-tur “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Sherobod tumanidan o‘tuvchi qismi bo‘yidagi bo‘sh maydonlarda kuzgi ko‘chat ekish yumushlari bilan tanishishdan boshlandi. Loyihaning kuzgi mavsumida “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” yo‘nalishidagi M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Termiz, Angor, Muzrabot, Sherobod tumanlari hududidan o‘tuvchi 61 kilometr qismidagi bo‘sh yerlarning ikki atrofi tekislanib, manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Buning uchun adir va toshloq maydonlardan iborat bu yerlarga unumdor tuproq tashib keltirilib, yo‘l bo‘yi ko‘chat o‘tqazishga hozirlandi. Kuzgi mavsumda yo‘lning ikki bo‘yidagi bo‘sh yerlarga qariyb 300 ming tup turli daraxt ko‘chati qadash rejalashtirilgan. Viloyat yo‘lsozlari ham hududdan o‘zlariga biriktirilgan maydonni unumdor tuproq bilan to‘ldirib, tekislashdi. Ko‘chat o‘tqazishga kirishishdi. Shu yerda viloyat yo‘lsozlarining “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtiroki haqida atroflicha ma’lumot berildi. Tadbir qatnashchilari ham hasharda qatnashdi. Ko‘chat o‘tqazib, bog‘ yaratishga hissa qo‘shdi. – Bu yerga 3 ming 500 tup archa, tut va chinor ko‘chatini ekamiz, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Xotamov. – Yomg‘irlatib sug‘orishni joriy etamiz. Bu yumushni tez, sifatli amalga oshirish uchun boshqarmaning yettita korxonasidan 200 dan ortiq ishchi va o‘ndan ortiq texnika jalb etilgan.Sherobod tumanidagi 4R103 “Sherobod sh.-Surxon temir yo‘l stansiyasi” avtoyo‘lining Sherobod daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikning qurilganiga qariyb oltmish yil bo‘lgan. O‘tkazuvchanligi o‘tgan asrdagi transport qatnoviga mo‘ljallangan ko‘prik yo‘lida avtomobillar harakati ko‘paygani yo‘lda tirbandliklarni yuzaga keltirayotgan edi. Bu muammoga chek qo‘yish, yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratish uchun ko‘prik to‘liq qayta qurilmoqda. Press-tur qatnashchilari qiymati 13,3 milliard so‘mlik zamonaviy ko‘prik qurilishi bilan ham tanishdi. Uzunligi 72 va eni 26 metr bo‘layotgan yangi ko‘prikni “O‘zyo‘lko‘prikqurilish” klasterining Surxondaryo filiali davlat muassasasi bunyodkorlari barpo etmoqda.Prezidentimiz tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “4R105 Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5-70 kilometr qismi va “4R100 Manguzar-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128-174 kilometr qismi rekonstruksiya qilinayotir.Tadbir qatnashchilari Boysun tumanidagi Darband qishlog‘idan boshlanuvchi “Darband-Denov” yo‘nalishi bo‘yicha 4R105 avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Uzunligi 111 kilometr bo‘lgan yo‘l 2027-yil foydalanishga topshiriladi. Uning qariyb 108 kilometrini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Yirik loyihani amalga oshirish chog‘ida 26 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 114 ta suv quvuri, ikkita avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlarini qayd etuvchi nazorat posti barpo etiladi. Uchta lot asosida amalga oshirilayotgan loyihaning qurilish-montaj ishlarini tender savdosi g‘olibi – Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyati amalga oshirmoqda. Bu yerda 147,6 million AQSH dollari qiymatidagi yo‘l qurilishini bajarish uchun shartnoma imzolangan. Shu kungacha yo‘lsozlar 25,7 million AQSH dollari mablag‘ni o‘zlashtirib, 5,3 million metr-kub hajmdagi yer ishlari, 81,3 ming metr-kvadrat asfalt ko‘chirish, 5,3 kilometr muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini yakunladi. Loyihaning 28,6 kilometr qismida yer ishlari tugatilib, birinchi va ikkinchi qatlam tosh-shag‘al yotqizish yakunlangan. 6,6 kilometr masofadagi yo‘lda ishlar to‘liq yakunlanib, beton yotqizilmoqda. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar sement-beton qoplamali yo‘l qurilishida yerlarni sifatli tayyorlash, sement-beton qoplama yotqizish, ishlar sifatini ko‘chma laboratoriya yordamida aniqlash, yo‘l mustahkamligi va chidamliligini oshiradigan birikmalar qo‘shish kabi jarayonlar bilan yaqindan tanishib, xorijlik va mahalliy mutaxassislar, ishchilar bilan dildan suhbatlashdi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan markaziy laboratoriyada bo‘lib, sement, qum va boshqa birikmalar tarkibini o‘rganish, mahsulotlar sifatini aniqlash yuzasidan yetarli tasavvurga ega bo‘ldi.Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida barpo etilayotgan sement-beton qoplamali yo‘l pudratchisi “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyatining Boysun tumanidagi ofis binosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Xotamov voha yo‘lsozlari amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlari, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yirik hajmdagi bu ishlar vohaning transport infratuzilmasini rivojlantirib, yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratmoqda. Yo‘llar kengaytirilib, asfalt yotqizilayotir. Shuningdek, ichki yo‘llar holati yaxshilanib, ulardan foydalanish sifati oshirilmoqda. Jurnalist va blogerlar Bandixon tumanidagi asfaltlash va Qumqo‘rg‘on tumanidagi Davlatobod mahallasi misolida 13 kilometrdan ortiq ichki yo‘lga sement-beton qoplama yotqizish ishlari bilan tanishib, viloyat yo‘llari tom ma’noda ulkan qurilish maydoniga aylanganiga ishonch hosil qildi.– Surxon tarafga so‘nggi yigirma besh yilda birinchi marta kelishim, – deydi jurnalist Sharofiddin To‘laganov. – Shu paytgacha yo‘l qurilishi haqida tasavvurim umuman boshqacha edi. Bugun ko‘rib, lol qoldim. Tashkilotchilarga rahmat. Bilasizmi, nega bunday deyapman? Birinchidan, eski yo‘ldan, ikkinchidan, yangi qurilayotgan yo‘ldan va uchinchidan, mutlaqo yangi yo‘ldan yurdik. Ayniqsa, tog‘u toshlarni kesib, sement-beton qoplamali keng, ravon yo‘l qurilayotganiga havasimiz keldi. Yo‘lsozlarning sharafli va ayni paytda mashaqqatli mehnatlari bilan jahon standartlari talablariga javob beradigan yo‘llar barpo etilayotganiga guvoh bo‘ldik. Press-tur barchada boy taassurot uyg‘otdi.
Yo‘llar jahon standartlariga moslashtiriladi
Date: