Surxondaryoliklar zamon bilan bo‘ylashsa-da, aslo milliyligini, milliy qadriyat-u an’analarini unutmagan, balki hayot tarziga shu qadar singdirganki, bu so‘zlaganda shirin shevamiz, ko‘ringanda bo‘y-bastimiz-u, liboslarimizda mujassamdek. Xonadonimizda mehmon bo‘lgan ham surxoncha muhitni his etadi. Taomlarimiz toti ham yegan insonning xotirasiga muxrlanadi va albatta, yana va yana ana shu tamni, milliylikni sog‘inaveradi. Shu sabab ham vohada turizm sohasi rivoj topmoqda. Mehmonlar qadami uzilmay, Surxondaryo degan joy butun dunyoga dong‘i doston bo‘lmoqda. Oltin voha nafaqat milliy qadriyat va udumlari bilan, go‘zal tabiati, purviqor tog‘lari, sharsharalari bilan ham mashhur. Qolaversa, ziyorat turizmi, tarix va bugunni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaruvchi madaniy meros obyektlari uchun ham sayr-u sayohat manzili sifatida ushbu hududni tanlashadi, surxonda kezishadi.“CAEx” xalqaro ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilgan “Ipak yo‘lida turizm” 29-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ham Surxondaryo viloyatining ishtiroki e’tibor va e’tirofga loyiq bo‘ldi. Turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, hamkorlik uchun ishbilarmonlik aloqalari va munosabatlarini o‘rnatishga xizmat qiluvchi, Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ko‘magida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbir hisoblangan mazkur yarmarka ishtirok etganlar uchun manfaatli kelishuvlarga boy o‘tdi.Yarmarkada viloyatimiz stendi ham namoyish etildi va yakunda Surxondaryo viloyati milliy urf-odatlari, an’analarini aks ettiruvchi eng yaxshi stend nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Uch kun davomida o‘tkazilgan xalqaro turizm yarmarkasi doirasida delegatsiyasimiz tomonidan xorijiy va mahalliy turizm kompaniyalari bilan 411 ta shartnoma hamda 6 ta memorandum imzolandi. Shuningdek, xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etgan Tojikiston turizm qo‘mitasi mutasaddilari joriy yil 27-sentyabr kuni ushbu davlatda o‘tkazilgan xalqaro turizm yarmarkasida Surxondaryo viloyati eng yaxshi xorijiy stend nominatsiyasi g‘olibligini qo‘lga kiritganligi uchun sertifikat va statuetkani tantanali topshirdi.
Xalqaro turizm yarmarkasi: Surxondaryo g‘olib
Date: