O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori kabi bir qator hujjatlar ijrosini ta’minlash ayni kun masalasiga aylangan.
Shu talablardan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat idoralari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Shu jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim malakalarini baholash agentligi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘limi tomonidan ham zarur choralar ko‘rib kelinmoqda.
Bo‘lim tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 47 nomdagi testlar asosan viloyat hududidagi texnik vositalar bilan jihozlangan katta sig‘imli povilonlarda o‘tkazildi. Korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida har bir o‘tkaziladigan test jarayoni oldidan viloyat Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan binolarda taqiqlovchi vositalar bor-yo‘qligi nazoratdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, testga kiradigan talabgorlar ham ushbu organ xodimlari tomonidan FaceID qurilmalari yordamida abiturientlarning shaxsi aniqlanadi.
Shu yilning o‘zida ana shunday tekshiruvlar jarayonida o‘nlab talabgorning o‘rniga boshqa shaxs kelganligi aniqlanib, ularning barchasi testlardan chetlashtirildi.
Mabodo talabgorning shaxsi aniqlanmasa, maxsus planshetlar orqali barmoq izi yoki viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlik kiritiladi. Chunki tajribamizda kuzatganimiz borki, imtihonlarga opa-singil, aka-ukalar, egizaklar, o‘xshash chehrali insonlarda bir-birining o‘rniga test imtihoniga kirish holatlari uchraydi.
Aytish kerakki, imtihonlarda beriladigan test savollari Bilim malakalarini baholash agentligi tomonidan jalb qilingan ekspertlar tomonidan tayyorlanib, maxsus qutilarda muhrlangan holatda maxsus pochta orqali hududlarga yuboriladi. Bo‘lim xodimlari tomonidan ushbu yetkazib berilgan test materiallari va javob varaqali binolarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari nazorati ostida, shuningdek, talabgorlarning ko‘z oldidagina ochilib, ular guruhlar kesimida tarqatiladi.
Test sinovlari tugagandan so‘ng, barcha materiallar sanab olinib, qutilar yopilib, muhrlangan holda Bilim malakalarini baholash agentligiga qayta yuboriladi. Natijalar o‘rtacha 20 ish kunida aniqlanib, talabgorlarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Imtihonlarga shartnoma asosida guruh nazoratchisi sifatida jalb qilingan pedagog xodimlarga ham korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha tushuntirishlar beriladi.
Yoqubjon KARIMOV,
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi
Bilim malakalarini baholash agentligi
Surxondaryo viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i