Jarqo‘rg‘on tumanida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining o‘z elektorati vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ziyolilar, jumladan, ilm-fan va ta’lim, madaniyat va san’at, axborot sohasi vakillari, olimlar, tarbiyachi va o‘qituvchilar, ijodkor va san’atkorlar, sportchilar, turizm, hunarmandchilik va xalq tabobati sohasi vakillari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar, shuningdek, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorini qo‘llab-quvvatlovchi vatanparvar va bunyodkor xalqimiz vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ochib,“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi uchun Yangi O‘zbekiston islohotlari haqiqiy ma’noda o‘z maqsad va vazifalari hayotiyligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘layotgani, hayotimizning ma’no-mazmuniga aylangan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek buyuk maqsad, shubhasiz, barchani birlashtirib, tinimsiz ishlashga, bor kuch-g‘ayrat va bilimini ana shu maqsadlarga qaratishga undayotganini ta’kidladi.
– Bugun barchamiz xalqni rozi qilish, kelajakda emas, odamlarga bugun qulay sharoitlar yaratish maqsadiga aylangan kunlarda yashayapmiz. Maqsadimiz barchamiz birgalikda Inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan, Inson qadri ustuvor bo‘lgan xalqparvar jamiyat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishdir, – dedi Mirodil Abdurahmonov.
Ma’lumki, mamlakatimiz ziyo ahli “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining asosiy elektorati hisoblanadi. Shu ma’noda, partiyaning barcha maqsad va vaziflari, g‘oyalari ushbu soha vakillariga yo‘naltirilgan bo‘lib, 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturida ham avvalo, ushbu soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy sohalar rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammo va kamchiliklarni hal qilishga qaratilgan.
Partiyaning bosh maqsadi “Qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurish” bo‘lsa, bosh shiori “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”dir. Shular asosida xalqimizning milliy qadriyatlari, azaliy urf-odat va an’analarini, ma’naviy va madaniy merosini asrash va ularni keng targ‘ib etish, har bir yurtdoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga hissa qo‘shishdir. Shundan kelib chiqib, partiya yangi dasturda tarbiya va ta’limni eng ustuvor masala sifatida belgiladi hamda bu borada muhim taklif, tashabbuslarni ilgari surmoqda. Chunki yurt ravnaqi, mamlakat iqboli, Vatan istiqboli, shak-shubhasiz, ta’lim rivoji bilan bog‘liq. Binobarin, ta’lim va tarbiyasiz, har tomonlama yetuk, intellektual avlod kamolisiz taraqqiyotga ham, yuksalishga ham, farovon hayot va istiqbolga ham erishib bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbarining: “Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda”, degan ta’kidining o‘ziyoq buning yaqqol dalilidir. Buni dunyoviy miqyosdagi isbot talab qilmas haqiqat, aksioma bilan ifodalaydigan bo‘lsak: “Eng katta investitsiya ta’limga kiritilgan investitsiya”, ekanligi nafaqat bir mamlakat yoki xalqni, balki butun jahonni ham ta’lim-tarbiya, ilm va intellekt umumbashariy taraqqiyot va tamaddun sari yetaklaydi.“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan konseptual g‘oya ham bejiz ilgari surilayotgani yo‘q.
“Milliy tiklanish” o‘z dasturida har qanday sharoitda milliy manfaatlarni murosasiz himoya qilish, jamiyatni yot madaniyatlar hisobiga emas, balki urf-odat, an’ana va qadriyatlarga asoslanib rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Partiya ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning poydevori ekanligini e’tirof etadi va bu jarayonda “Tarix – kelajak uchun mayoq!” tamoyili dasturilamal bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Ushbu jarayonda davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasidan kelib chiqib ish ko‘rish, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanish partiya siyosatining asosini tashkil etadi. Partiya inson salohiyatining ro‘yobga chiqishida uning ma’naviy dunyosi, madaniy dunyoqarashi muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagan holda, kitobxonlikni ommalashtirish, teatr, kino va san’atning boshqa sohalarini targ‘ib qilish orqali jamiyat va har bir shaxs ma’naviyati hamda madaniy saviyasini oshirish choralarini ko‘rishni muhim deb hisoblaydi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yildan oshdi, lekin eng chekka hududlarda ham tashqi reklama va yozuvlar, e’lon va peshlavhalar davlat tilida yozilmaganiga ko‘zingiz tushadi. OAV, ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda qanchalik ko‘p yozilmasin, gapirilmasin o‘zgarishlar bo‘lishi qiyin kechyapti. Bunga mas’ul bo‘lgan idoralar esa davlat tili bilan bog‘liq amaldagi normalar ijrosiga yetarlicha e’tibor qaratmayapti. Shundan kelib chiqib, partiya saylovoldi dasturida tashqi yozuvlarni tartibga solishga qaratilgan “Tashqi yozuvlar to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, “Davlat tili haqida”gi Qonunni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat tilida ish yuritmagan rahbarlarga keskin choralar ko‘rish kabi tashabbuslar ilgari surilyapti.
Yurtimizda xalq tabobati haqida fikr bildirganda, Abu Ali ibn Sinoning xizmatlari alohida tilga olish lozim. Buyuk bobokalonimizning ilmiy merosidan butun dunyo tibbiyot tizimi keng foydalanadi. Biroq mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yetarli, deb bo‘lmaydi, hali oldinda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qator vazifalar mavjud. Partiyaning Saylovoldi dasturiga kiritilgan “Xalq tabobati to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish tashabbusi bu boradagi muhim qadamlardan deyish mumkin. Shu o‘rinda hunarmandlar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularga yanada qulay va erkin shart-sharoit hamda imkoniyatlar yaratib berish zarur. Partiya hunarmandlarning huquqiy maqomini tadbirkorlik subyekti sifatida emas, balki hunarmand sifatida qaytadan ko‘rib chiqish tarafdori. Umuman, bu yo‘nalishdagi ishlarga daxldorlikni his qilgan holda hunarmandlar faoliyatiga, ularni o‘ylantirayotgan o‘y-tashvishlarga befarq bo‘lishiga haqqimiz yo‘q, deb hisoblaydi. Aynan hunarmandlar faoliyatini tartibga soluvchi “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifining ilgari surilayotgani sohadagi muammolarning yechimiga xizmat qiladi.
Partiya bosh maqsadi qadriyatlarimizga asoslangan milliy manfaatlar ustuvorligini ta’minlash, tarbiya va ta’lim tizimini rivojlantirish, xalqimizning boy tarixi, madaniy va ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda ko‘paytirish, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, milliy o‘zligimizni, ona tilimiz, dinimiz, urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizni saqlash hamda rivojlantirishdan iborat. Pirovard maqsad: bo‘lajak saylovda eng yuqori natijaga erishish va saylovchilar ishonchini qozonishdir. Shu ma’noda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalari hayotiyligini ta’minlashda asosiy elektorati – ziyolilarga tayanadi.
Uchrashuvda elektorat vakillari ham so‘zga chiqib, saylovda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va nomzodlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdilar.
Shahlo Tangirova

