YERLARNI O‘ZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLASHGA JAZO MUQARRAR

Date:

Prezidentimizning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida va “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda Kadastr agentligiga bir qator vazifa va vakolatlar belgilab berilgan.

Xususan, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar faqat Kadastr agentligi organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Ko‘pchilikka sir emas, so‘nggi paytlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari va ularda qurilgan uy-joylarni qonuniylashtirish masalasi dolzarb muammoga aylanmoqda. Shu bois, joylarda mazkur masalaga oid yer nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari, ularda qurilgan binolar va inshootlarga huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining 05.08.2024-yildagi 937-sonli Qonuni aholi orasida noto‘g‘ri talqin qilinib, yerga oid huquqbuzarliklarni qasddan sodir etilishiga ham olib kelmoqda. Bu borada Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘lim inspektorlari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlariga qaramasdan hududlarda yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, noqonuniy qurilmalarni qurish, shuningdek, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari uchrab turibdi. Shu asnoda Kadastr agentligi tuman (shahar) bo‘lim, inspektorlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida olib borilgan yer nazorati tadbirlari doirasida 2670 dan ziyod yer qonun buzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, barcha holatlar yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan. 

Qonunbuzilish holatlarining 1630 tadan ortig‘i kadastr inspektorlari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ixtiyoriy bartaraf etilib, avvalgi holatiga qaytarilishiga erishilgan. Belgilangan muddatlarda ixtiyoriy bartaraf etilmagan qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli tartibda sud organlariga davo arizalar kiritilgan. Ushbu yer qonunbuzilish holatlarining statistik ma’lumotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, yangi qabul qilingan qonun asosida hujjatlarimizni rasmiylashtirib olamiz degan fikr bilan noqonuniy qurilishlarga qo‘l urib keyinchalik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmoqda. 

Kadastr agentligi Jarqo‘rg‘on tuman bo‘lim inspektorlari tomonidan tumanning “Paxtazavod” mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan ushbu mahalladan o‘tuvchi avtomobil yo‘li muhofaza hududidagi 0,005 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 9.02 kv.metrdan iborat tandirxona binosi qurib olganligi holati aniqlandi. Holat yuzasidan Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan fuqaroning noqonuniy qurib olgan tandirxona binosiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-modda, 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 15 kun muddatda noqonuniy qurilishni bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish xati berilgan. Keyinchalik, noqonuniy qurilgan tandirxona binosi fuqaro tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishildi va ushbu yer maydoni o‘z holatiga qaytarilishiga erishildi.

Eslatma, O‘zbekiston Respublikasining 05.08.2024-yildagi O‘RQ-937-sonli Qonuniga asosan 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar ko‘rib chiqilishi qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

 Unutmang! Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

X.Umirov,

Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining

Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Happy kids”da hosil bayrami

Kuz fasli dehqonlarning hosiliga baraka kirib, yig‘im-terim boshlangan davr...

Oliy ma’lumotsiz psixologik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi

Joriy yilning 5-noyabrida qabul qilingan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish...

Ma’daniy o’rmonzor barpo etiladi

Atrofimiz bogʻ-u boʻstonga, yaxshillikka burkanar ekan, ekologiyamiz, olayotgan nafasimiz...

Umida Omonova gʻolib

Yoshlarning sportda, ijodda, sanʼatda va ilm-fanda iqtidor va isteʼdodlarini...
KunTun
KunTun